O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov va rais o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov Xorazm viloyatining Xonqa, Yangibozor, Xiva, Shovot va Hazorasp tumanlarida sayyor qabul o‘tkazdi.

Hazorasp tumani Karvak qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan shunday tadbirda mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi islohotlarni yuqori bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.

Sayyor qabulda tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan ularning yaqin qarindoshlari yoki o‘zlari ustidan chiqarilgan sud hukmidan noroziligi va meros masalasi, oilaviy ajrimlar bo‘yicha murojaatlar tinglandi. Zarur deb topilgan hollarda qayta ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Ayrim fuqarolarga tegishliligi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.

Shuningdek, turli oilaviy nizolar oqibatida ajrashmoqchi bo‘lgan er-xotinlar muammosi ham tinglandi. Oilaviy ajrimlarni yuzaga keltiruvchi omillar, er-xotin o‘rtasidagi tushunmovchilik, qaynona-kelin munosabatlaridagi ziddiyatlar eshitilib, ularga oilaviy ajrimlarning huquqiy va hayotiy salbiy oqibatlari haqida tushuntirish berildi.

O‘tkazilgan uch kunlik sayyor qabullar davomida viloyatdagi 10 dan ortiq oilalar yarashtirildi. Fuqarolarning turli masalalarga oid 100 dan ziyod murojaati tinglanib, qayta ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Viloyat sudlari raislari va sudyalarga aniq topshiriqlar berilib, nazoratga olindi.

 

A.Shokirov, O‘zA