“O‘zbekenergo”: joriy yil 5 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 3 fevraldagi “2018 yil uchun investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi” qarori ijrosi bo‘yicha “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan5 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Joriy yilda jami 426,9 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ni o‘zlashtirish mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 294,2 million dollari xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston energetika resurslariga boy davlat hisoblanadi. Ana shunday imkoniyatdan samarali foydalanish esa bugungi kunning ustuvor vazifalaridan. Shu bois sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasida elektr energetika tarmog‘i jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.

– O‘zbekiston energiya manbalari bo‘yicha nafaqat o‘zini-o‘zi to‘liq ta’minlaydigan, balki eksport qiluvchi davlatga aylandi, – dedi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Feruz Qurbonov. – Bugungi kunda sohani yanada rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va sotish tizimida jahon tajribalariga mos iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish choralari ko‘rilayotir. Negaki, aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji kundan-kunga ortib bormoqda.

Yakunda elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilish tizimini tartibga solish, elektr energiya uchun hisob-kitob qilish mexanizmini takomillashtirish, elektr energiyasidan oqilona foydalanish xususida ham fikr almashildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA