Poytaxtimizda 16 avgust kuni O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakatning savdo, sanoat, iqtisodiyot, bank-moliya, turizm sanoati, elektr energiyasi, qurilish, kimyo sanoati, mashinasozlik, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik va yengil sanoat, farmatsevtika kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirlik, kompaniya va firmalarining 400 dan ziyod vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov, Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish qo‘mitasi raisi F.Hamrolizoda va boshqalar ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muloqotlarida erishilgan kelishuvlar natijasida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 9-10 mart kunlari Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalar rivojida yangi sahifa ochdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillarining o‘zaro muloqotini tashkil qilish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishlariga ko‘maklashish maqsadida turli darajadagi biznes-forumlar, sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi, yaramarkalar tashkil etildi.
Ta’kidlash o‘rinli, bu kabi uchrashuv va muloqotlarni tashkil etishdan maqsad ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, mamlakatlarimizning umumiy transport-kommunikatsiyaviy, savdo-iqtisodiy imkoniyati va salohiyatidan to‘laqonli foydalanish orqali tovar aylanmasi hajmini sezilarli oshirish, qo‘shma loyihalar doirasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish orqali uchinchi mamlakat bozori tomon yo‘l topishdan iborat.
Forum doirasida mehmonlarga mamlakatimizda ishlab chiqarishni erkinlashtirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, erkin va kichik sanoat zonalari, ularda investorlar uchun yaratilgan soliq imtiyozlari va boshqa qulayliklar haqida so‘zlab berildi. Tojikiston qurilish, turizm, transport-logistika sohasi vakillari mamlakatimizning shu sohadagi salohiyati bilan tanishtirildi. Shuningdek, ikki mamlakat investorlari uchun yaratilayotgan qulayliklar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida muhim ma’lumotlar berildi hamda mavjud iqtisodiy imkoniyatlar taqdimoti o‘tkazildi.
Bugungi kunda davlatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorligi yangi sur’atlarda rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foiz o‘sdi. O‘zbekistondan Tojikistonga yengil avtomobillar, yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, metallurgiya, elektrotexnika, qurilish mollari, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati mahsulotlari eksport qilinayotgan bo‘lsa, Tojikiston mamlakatimizga qurilish materiallari, sement, alyumin kabi mahsulotlarni yetkazib bermoqda.
Anjumanda ta’kidlanganidek, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalardagi hamkorlik sur’atlarida sezilarli o‘sish qayd etilayotgan bo‘lsa-da, bu mavjud imkoniyalarga to‘liq mos kelmaydi. Shu ma’noda, bugun davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasini 2020 yilgacha 500 million AQSH dollariga yetkazish belgilangan. Buning uchun barcha zarur imkoniyatlar mavjud. Mamlakatlarimizning jo‘g‘rofiy joylashuvi, investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar, soliq yukini yengillashtirishdagi hamkorlik, umumiy chegaralar, erkin savdo tartibi va mintaqa mamlakatlarining yagona transport-kommunikatsiya, tranzit-logistika imkoniyatlari shular jumlasidan.
– Prezidentlarimizning azmu shijoati tufayli bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi, – dedi “TAJinvest” DUK bosh direktori Javohirlal Muzaffari. – Xususan, savdo, investitsiya sohalarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan. Bu bugungi kunda tranzit-logistika yo‘nalishlarida sheriklik munosabatlarini nazarda tutadigan dasturlarni ishlab chiqish va birgalikda amalga oshirish imkonini beradi. Qolaversa, xalqlarimizning tarixi bir, madaniyat, urf-odat va an’analardagi o‘xshashlik turizm bo‘yicha salohiyatlarimizni birlashtirish imkonini beradi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishimiz mumkin. Biznes-forum doirasida shu kabi masalalar yuzasidan fikr almashdik va kelgusi rejalarni belgilab oldik.
Biznes-forum davomida moliyaviy hamkorlik, tranzit, elektronika, farmatsevtika, qandolatchilik mahsulotlari eksport-importiga oid umumiy qiymati 103,3 million AQSH dollarlik shartnomalar imzolandi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat tadbirkorlarining B2B formatdagi uchrashuvi o‘tkazildi. Muzokara yakuni bo‘yicha qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda manfaatli shartnomalar imzolashni nazarda tutuvchi foydali kelishuvlarga erishildi.
Tojikiston ishbilarmon doira vakillari shu kuni poytaxtimizdagi “Artel”, “Gold Dried Fruits Export”, “Uztex Tashkent” kabi bir qator korxonalarda bo‘lib, ish jarayoni va sifatli mahsulot ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Istiqbolli hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.