Shoirning tavallud kuni. Uning endi oramizda yo‘qligini eslatib yubordi. O‘sha mash’um xabarni eshitganimdagi titroqni qayta vujudga soldi. Salkam bir yildan buyon miyamda g‘ujg‘on aylanayotgan alg‘ov-dalg‘ov hislarimning jilovini qo‘lga tutqazdi. Qog‘ozu qalamga yaqinlasholmay qolgan qo‘limga kuch berdi. Shoirni she’rlaridan qidirdim. Kamtar-qamsuqum, madhiyabozligu xushomadni bilmaydigan, o‘zining kimligini-da atrofga ko‘z-ko‘zlamay, yurakka she’rlari bilangina kirib boradigan shoir qoldimikan, degan o‘yga toldim. Bordir. Qurib ketmagandir. Ammo Usmon Qo‘chqor she’riyati, samimiyati necha ko‘ngillar qatori meni-da cho‘llatib, quritib qo‘ygani yo‘q. She’rlari tilga quyilib-quyilib kelayotir.
Tinmay oqayotgan
nima bu o‘zi –
Daryomi,
umrmi,
ko‘zyoshmi – nadir?
Bilmadim. Shoirning bu so‘rog‘iga ayni dam javob bermoqqa ojizman. Balki tinmay oqayotgani ustozi, otasiday yaqin bilgan kishisini yo‘qotgan kimsaning unsiz faryodidir?..
Esimda. Talabalik davrimda o‘zining sehrli dunyosiga chorlagan “Jahon adabiyoti”ga ilk bor kelganim. Otalarcha mehr bilan kutib olgan inson – shoirning o‘zlari edi. Rizq-nasiba qo‘shilib, orzu armonga aylanmay, bir muddat bu muqaddas dargohda ishladim, o‘rgandim. Tahrir, tarjima san’atidangina emas, hayot maktabidan ham ilk muallimim “Jahon adabiyoti” bo‘ldi. Hamkasblik yorlig‘i yopishtirilib, nuqul ishdan so‘zlovchi biz sho‘rliklarga shoirni kashf qilishga, borida qadriga yetishga vaqt topilgan deysizmi? Yo‘q. Usmon Qo‘chqor-chi? Hammasiga ulgurgan. Biz havaskorlarga muxlislik qilib, “Yangi asaringizni qachon o‘qiymiz endi?” deguvchi edi. Iymanibmi, tortinibmi yo “arzandalik kasali”ga chalinibmi, ustozning o‘ziga hech shu savolni bermabman. Axir, ko‘rga hassa bo‘lib, shoirning she’rlari “Kitob dunyosi” sahifalarini yoritib chiqmagunicha, hamkasb nazari bilan qarab yuraverganman-da. Yildan-yil go‘zallashib borayotgan shoir she’riyati suyunishdan ko‘ra uyalish hissi bilan yuzimni o‘n chandon qizartirardi. Sokin oqqan dengizda po‘rtana turgandek edi. Balki quyidagi she’rini biz kabi havasmandlarga atab yozgan bo‘lsa, ne ajab:
Sen doim qaygadir shoshib yashaysan,
Qalbingda bir dunyo orzu va umid.
Bahor daryosiday toshib yashaysan,
Men esa daraxtday saqlayman sukut.
“Shoirning ham sukut saqlaydigani bo‘larkanmi?”, o‘ylayman o‘zimcha. Saqlay-saqlay butun sukunatini, ichidagi g‘am-anduh, nafratiyu sevgisi – bari-barini “lop” etib oshkor etadigan ham shoir emasmi, axir? Shu misralaridan ham shoirning ko‘nglini, allanechuk dardini anglagandek bo‘laman. Ammo baribir Usmon Qo‘chqorning chindan sukut saqlay olishiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Ozarbayjon madaniyat markazining har tadbirida baholi qudrat qatnashardi. Ana shunday tadbirlarning birida yig‘ilganlarning ortida, panada, ko‘zdan nari turibdi. Taniganlar qo‘l berib so‘rashgach, o‘z o‘rinlarini bilib, to‘rdan joy qidirish bilan band. Ozar adabiyotini o‘zbek kitobxoniga tanishtirishda ko‘p xizmati singgan taniqli tarjimon esa tadbir yakuniga qadar joyidan jilmay, maroq bilan kuzatib, sinchkovlik ila tinglab, jimgina iziga qaytdi. O‘sha uchrashuvdan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston milliy kutubxonasi katta zalida ozarbayjonlik taniqli adib va dramaturg Yunus O‘g‘uzning “Malika va jodugar” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tarjimon – Usmon Qo‘chqor. Tadbirda Yunus O‘g‘uzning o‘zi ham ishtirok etdi. Muallifning ham, tarjimonning ham sha’niga iliq gaplar aytildi, o‘rni kelganda tanqid toshlari bilan ham siylandi. Usmon Qo‘chqorda na xursandchilik, na xafalik alomati seziladi. Kamchiliklarini diqqat bilan tingladi-yu, “to‘y tarqab” ketar chog‘da ko‘pchilik qatori qo‘limga tilaklar bitilgan kitobni tutqazdi-da: “Sevaraxon, asarni o‘qib, fikringizni aytarsiz. Tarjimada xatolar bo‘lsa, aybga buyurmaysiz. Sizlar tuzatasizlar, endi”, dedi kulimsirab.
Yo‘l-yo‘lakay o‘ylab ketaman: “Qanaqa odam ekan-a, bu odam? Men kim bo‘libmanki, u kishining xatosini aytsam”. Ammo adabiyotimizda shunday to‘g‘ridil odamlar borligidan, ularning suhbatini olganimdan ich-ichimdan sevindim.
Termilishar falakka bot-bot,
Bot-bot ko‘kda bir ot kishnaydi –
Kahkashonga chiqib ketgan ot,
Endi yerga qaytib tushmaydi…
Dunyoda insonning kimligini ko‘rsatuvchi vijdon masalasi bor. U shoh bo‘ladimi yo shoir, vijdoni oldida sof ketganlar kam bo‘lsa kerak. Bu baxt hammaga ham nasib etavermaydi. Vijdonni sof saqlash – baxt, bu baxtga yetish yo‘li esa bir umrlik mashaqqat. Usmon Qo‘chqorning televideniyedan ketishiga ham ana shu vijdoni sabab bo‘lganini eshitgandim. Eshitganimdayoq hurmatim, ixlosim yanada ortgandi.
Shu qadar yaqinsan…
Shu qadar yiroq…
Sendan zarra nari o‘tolmagaylar.
Borligingni anglab yetgaylar, biroq
Kimligingni anglab yetolmagaylar…
Rost so‘zlagan ma’qul. Usmon Qo‘chqorning borligini bildik, ammo o‘zi aytganidek, kimligini bilolmay, g‘aflatda qoldik. Yonginamizdagi durni toshga qiyoslab, ko‘pam e’tibor bermadik. Bugun amin bo‘lyapmanki, U sezdirmaygina bizlarni o‘ziga sehrlab, mehrlab qo‘ygan ekan.
Hurmat bilan tilga olishar
O‘tgan zamon fe’lida seni.
Uchratib boz hayron qolishar
Kelajakning yo‘lida seni.
Bu misralarni o‘qiganki bor, ko‘nglidan o‘z hayot yo‘li, qadr-qimmati haqidagi xayollar o‘tsa, ne ajab. Nazarimda, bu misralarga hammadan ham ko‘proq shoirning o‘zi munosib. Munosiblikni tan olish, haqiqatni anglash uchun esa shuncha ko‘p vaqt kerak bo‘ldimi bizga? Vaqtni qo‘ya turaylik, jon kerak bo‘ldi! Ruhi tanidan chiqqan jon!
Atrofga jovdirab boqursan hayron,
Hayron suyanasan yolg‘iz daraxtga.
Bilmassan –
Bu daraxt nega jim qotgan,
Bilmassan –
Bu qayg‘u qaydanligini.
Bilmassan –
Seni kuta-kuta ildizlar otgan
Bu daraxt – daraxtmas, odamligini…
Usmon Qo‘chqor na shuhrat, na amalga intilmadi. Nazarimda, o‘zi buni istamadi. Xurshid Davron ta’biri bilan aytganda, hech nima da’vo qilmasdan, indamasdan ijod qildi. Garchi yuragida dardi ko‘p bo‘lsa-da, uni hammaga ochavermadi, faqat va faqat she’riga ishondi.
Orzu qilmagandik bu xor jasadni,
Ruh ila ko‘klarga bog‘langan edik.
Tangri anglamabdi bizning maqsadni,
O‘zga olamlarga chog‘langan edik.
Hayot yo‘limda ustozlarim ko‘p, yana bo‘lar, inshaalloh. Sizdek kamtar, vijdonni pok saqlay olsam, ustoz demakka haqqim bo‘lar. Bizdan rozi bo‘ling.
Erk desam…
boshimga bu shisha qozon –
Osmonni to‘ntarib qo‘yding, Xudoyim.