Nuroniylar – islohotlarning faol ishtirokchisi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi oldidan
Mamlakatimizda keksalarning hayot darajasi va turmush tarzini yanada yaxshilash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, yoshi ulug‘ nuroniylarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasi muntazam ravishda davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Yurtimizda nuroniy otaxon va onaxonlarimizning qadr-qimmati va sha’nini ulug‘lash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Zero, keksalarga bo‘lgan yuksak hurmat xalqimizga xos insoniy fazilatlarning eng yorqin namunalaridan biridir.
Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan keksa yoshdagi fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini yanada oshirish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘la huquqli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, katta avlodning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirish maqsadida imzolangan “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon ushbu xayrli ishlarning yorqin misoli. Mazkur farmonga ko‘ra, madaniyat va istirohat bog‘larida zamonaviy ko‘rinish kasb etgan, shinam, bir biridan go‘zal “Nuroniylar maskani” barpo etilib, mehri daryo keksalarimizga topshirilmoqda. Shuningdek, yurtimizda tashkil etilayotgan har bir bayramda nuroniylarning mazmunli madaniy hordiq olishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda biz uchun bebaho ne’mat bo‘lgan mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bugungi dorilamon kunlarga esa katta avlod vakillarining hissasi katta.
e22066a5-cb23-42c5-9298-d8a2375aefc3.jpg
Shu kunlarda Respublika bo‘ylab Mustaqilligimiz 27 yilligi oldidan “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarida keksalarimiz, faxriylarimizga minnatdorlik tuyg‘ulari mujassamdir. Yaqinda ana shunday tadbirlarning biri O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi, O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi hamda O‘zbek milliy akademik drama teatri hamkorligida tashkil etildi.
c67721da-6993-4435-90bb-8dd2abdcf5a8.jpg
“Shukrona” deb, nomlangan konsert dasturida nuroniylar, faxriylar, mahalla faollari taklif etildi. Konsert dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist IkromjonBo‘ronov, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev, O‘zbekiston xalq xofizlari Beknazar Do‘stmurodov, Nabijon Ibrohimov, Soyib Niyozov, Erkin Ro‘zmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Yunus To‘rayev, Ilhom Jo‘rayev, Sanobar Rahmonova, AhmadjonDadayev, Kozim Qayumov, Baxtiyor To‘laganov kabi elimiz ardog‘idagi san’atkorlar ishtirok etdi.
Shuhrat Normurodov,
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi
 Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini 
tashkil etish ilimiy-metodik markazi katta ilmiy xodimi

 

O‘zA