Suriyaning bugungi kundagi rahbari, yaqin-yaqingacha qo‘mondon Jo‘loniy sifatida tanilgan, poytaxt Damashq nazoratini qo‘lga olganidan keyin o‘zini Ahmad Ash-Shara’, deb atashlarini istayotgan yosh siyosatchi BBC muharriri Jeremi Bouenga intervyu berdi.
Abu Muhammad Al-Jo‘loniymi yo Ahmad Ash-Shara’?
Gap shundaki, Suriya isyonchilari yetakchisi Abu Muhammad Al-Jo‘loniy jihodchilik o‘tmishi bilan bog‘liq taxallusidan kechib, Prezident Bashar Al-Asad hukumati qulashidan oldin, 5 dekabr kunidan boshlab rasmiy xabarnomalarda o‘zini Ahmad Ash-Shara’, deb ko‘rsatmoqda. Bu qaror yangi vaziyatda mavqeini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatning bir qismidir.
Jo‘loniyning o‘zgarishi to‘satdan sodir bo‘lgani yo‘q, balki yillar davomida ehtiyotkorlik bilan amalga oshdi. Tafovut nafaqat ommaviy bayonotlar, xorij ommaviy axborot vositalariga berilayotgan intervyular, balki tashqi ko‘rinishda ham namoyon bo‘lmoqda.
Bir paytlar odatiy jangari qiyofasida yurgan Jo‘loniy oxirgi yillarda ko‘proq g‘arb uslubida kiyinishni afzal ko‘ryapti.
2021 yil Amerikaning PBS notijorat telekanali axborotidan Jo‘loniy 1982 yil Saudiya Arabistonida tug‘ilgani, otasi 1989 yilgacha Podshohlikda neft muhandisi bo‘lib ishlaganini bilish mumkin. Shu yil Suriyaga qaytgan oilaning farzandi Damashqdagi Mezzeh mavzesida o‘sib-ulg‘aygan.
Abu Muhammadning jihod yo‘li Iroqda, “Islom davlati” (ID) guruhining o‘tmishdoshi – “Al-Qoida” sho‘’basi va keyinchalik Iroq islom davlati (IID) orqali “Al-Qoida” bilan bog‘liq holda kechgan.
2003 yildagi AQSH bosqindan so‘ng u boshqa chet ellik jangarilar safiga qo‘shildi va 2005 yil Kamp Bukka turmasiga qamaldi. Qamoqda jihodchilik aloqalarini kengaytirdi va keyinchalik IDga yetakchilik qilgan Abu Bakr Al-Bag‘dodiy bilan tanishdi.
2011 yil Bag‘dodiy Jo‘loniyni An-Nusra frontini tashkil etish uchun mablag‘ bilan Suriyaga yubordi. 2012 yilga kelib Nusra, ID va “Al-Qoida” bilan aloqalarini yashirgan holda, Suriyaning nufuzli jangovar kuchiga aylandi.
2013 yil Bag‘dodiyning Iroqdagi guruhi ID va Nusra birlashganini e’lon qilib, Iroq va Shom islom davlati (ISHID) tuzilganini ma’lum qildi va o‘rtadagi aloqalarni birinchi marta oshkora e’tirof etdi. Shundan keskinlik paydo bo‘ldi.
Jo‘loniy vaziyatga qarshi chiqdi, chunki u o‘z guruhini shafqatsiz uslublardan uzoqlashtirmoqchi edi. Aynan shu maqsad bo‘linishga olib keldi.
Murakkab holatdan qutulish uchun Jo‘loniy “Al-Qoida”ga sodiqlik va’dasini berdi va “Nusra jabhasi”ni “Al-Qoida”ning Suriyadagi sho‘’basiga aylantirdi.
U boshdan suriyaliklar qo‘llab-quvvatlovini qozona boshladi, ISHIDning vahshiyliklaridan chekinib, jihodga nisbatan amaliy yondashuvga urg‘u berdi.
2013 yil aprel oyida “An-Nusra fronti” “Al-Qoida”ning Suriyadagi tarmog‘iga aylanishi harakatni ISHID bilan batamom qarama-qarshi qilib qo‘ydi. Jo‘loniyning bu harakati qisman mahalliy qo‘llab-quvvatlovni saqlab qolish va suriyaliklar hamda isyonchi guruhlarni o‘zidan begonalashtirmaslik uchun qilingan bo‘lsa-da, “Al-Qoida”ga aloqadorlik oxir-oqibat bu intilishlarni yo‘qqa chiqardi.
2015 yil “Nusra” va boshqa harakatlar Idlib viloyatini egalladi, guruhlar aro boshqaruv, hamkorlik masalalarida muammolar jiddiylasha boshladi.
2016 yil Jo‘loniy “Al-Qoida” bilan aloqani uzdi va guruhni avval “Jabhat fotih Ash-Shom”, keyinroq 2017 yil “Hay’at tahrir Ash-Shom” (HTSH) deb qayta nomladi.
Dastlab yuzakiroq tuyulgan ajralish keyinchalik keskin kelishmovchilik keltirib chiqardi. “Al-Qoida” Jo‘loniyni xoinlikda aybladi. U safdan chiqqach, Suriyada “Al-Qoida”ning yangi tarmog‘i – “Hurras Ad-Din” shakllandi. 2020 yil HTSH tomonidan tor-mor qilinishiga qaramay, bu guruh a’zolari mintaqada hamon ehtiyotkorlik bilan harakatni davom ettiryapti.
HTSH bir muddat Idlibdagi ISHID a’zolari va chet ellik jangarilarni nishonga oldi. Ularning tarmoqlarini buzib tashladi, ba’zilarini “deradikalizatsiya” dasturidan o‘tishga majburladi.
Jangari kuchlarni birlashtirish va ichki to‘qnashuvlarni kamaytirish harakati sifatida izohlangan bu qadamlar Jo‘loniyning HTSHni Suriyada hukmron va siyosiy jihatdan hayotiy kuchga aylantirish strategiyasidan dalolat.
Jamoatchilik oldida “Al-Qoida”dan ajralib chiqib, nomini o‘zgartirishiga qaramay, BMT, shuningdek AQSH, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar HTSHga terror tashkiloti sifatida qarashni davom ettirdi. AQSH Jo‘loniy qayerdaligi haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot va’da qildi. Zero, G‘arb davlatlari bu ajralishni soxta hisoblagan.
Jo‘loniy rahbarligida HTSH mamlakat shimoli-g‘arbidagi isyonchilarning eng yirik qal’asi va to‘rt millionga yaqin aholi, jumladan boshqa hududlardan ko‘chib kelganlar yashaydigan Idlibda hukmron kuchga aylandi.
Hududni jangari guruh boshqarayotgani haqidagi xavotirlarni bartaraf etish maqsadida HTSH 2017 yil o‘zining siyosiy va ma’muriy qanoti sifatida “Suriya qutqarish hukumati” (SQH) nomli fuqarolik tuzilmasini tashkil etdi.
SQH xuddi davlat singari faoliyat yuritib, bosh vazir ma’muriyati, vazirliklar va mahalliy idoralar shafeligida ta’lim, sog‘liqni saqlash, qayta qurish kabi muhim sohalarni nazorat qilgan. Shu bilan birga shariat yoki islom huquqiga asoslangan diniy kengashni ham boshqargan.
Odatiy tasavvurdagi qiyofasini o‘zgartirish uchun Jo‘loniy aholi bilan faol muloqot olib bordi. Ko‘chirilganlar lagerlariga bordi, tadbirlarda qatnashdi, yordam harakatlarini nazorat qildi. Ayniqsa, 2023 yildagi zilzila va shunga o‘xshash boshqa inqirozlar paytida o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi.
HTSH boshqaruvni qonuniylashtirish, barqarorlik va xizmatlarni ta’minlash qobiliyatini namoyish etish uchun boshqaruv va infratuzilma sohasidagi yutuqlarini alohida ta’kidladi.
U avvalroq, 2021 yil hokimiyatga qaytgan Tolibonni maqtagan, jihodiy sa’y-harakatni siyosiy intilish bilan samarali muvozanatlashtirish, jumladan maqsadga erishish uchun taktik kelishuvlarga erishishda ilhom manbai, namuna sifatida e’tirof etgan edi.
Idlibdagi faoliyat HTSHning nafaqat jihod qilish, balki samarali boshqarish qobiliyatini namoyon etadigan keng ko‘lamli strategiyasini aks ettirardi.
Jo‘loniy barqarorlik, davlat xizmati va qayta qurishga ustuvorlik berish orqali Idlibni HTSH boshqaruvidagi muvaffaqiyat namunasi sifatida ko‘rsatish, shu orqali o‘z guruhi qonuniyligini tasdiqlash, siyosiy intilishlari qo‘llab-quvvatlanishiga erishishni ko‘zlagan edi.
Xullas, uning rahbarligi ostida HTSH o‘z hokimiyatini mustahkamlash va hukmronlik qilish uchun boshqa jangari guruhlarni – ham jihodchilar, ham isyonchilarni mag‘lub etdi, chetlatdi.
27 noyabrga qadar, bir yildan ko‘p vaqt davomida Jo‘loniy Idlibda murosasiz islomchilar va suriyalik faollar noroziligiga duch keldi.
Tanqidchilar uni Asadga qiyoslab, harakatni avtoritarizmda, noroziliklarni bostirish va muxoliflar ovozini o‘chirishda aybladilar. Namoyishchilar guruh xavfsizlik kuchlarini “Shabbiha” deb atashardi, bu atama Asadning sodiq muxlislariga tegishli edi. Ular HTSHni xalqaro kuchlarni tinchlantirish uchun hukumatga qarshi jiddiy jangga kirishmaslik, Idlibdagi jihodchilar hamda xorijiy jangarilarni chetlashtirishda aybladilar.
Hatto, so‘nggi hujum paytida ham faollar HTSHdan Idlibda norozilik bildirgan, deya qamoqqa olingan shaxslarni ozod qilishni qat’iy talab qilishdi.
Bu tanqidlarga javoban, guruh o‘tgan yil davomida qator islohotlar boshladi. Masalan, inson huquqini buzishda ayblangan xavfsizlik kuchlarini tarqatib yubordi yoki qayta nomladi. Fuqarolar guruhga qarshi shikoyat qilish imkoniga ega bo‘lishi uchun “Shikoyatlar bo‘limi” tashkil etdi. Tanqidchilar bu choralarni faqat norozilikni jilovlash maqsadiga qaratilgan ko‘zbo‘yamachilik, deyishdi.
Ahmad Ash-Shara’: “Hay’at tahrir ash-Shom” terror tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilishi lozim
– Suriya urushda sillasi qurigan, qo‘shnilar yoki G‘arbga tahdid tug‘dirmaydi, – dedi Ash-Shara’ xalqaro hamjamiyatni Suriyaga qarshi joriy etilgan sanksiyani olib tashlashga chaqirib. – Yuz bergan voqealardan keyin sanksiya bekor qilinmog‘i lozim, chunki ular eski rejimni nishonga olgan edi. Qurbon bilan zolimga bir xil munosabat qilinishi kerak emas.
Ahmad Ash-Shara’ fikricha, “Hay’at tahrir Ash-Shom” guruhi ham terror tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilishi lozim.
Guruhni BMT va Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar terrror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan. Bunga boshida guruh “Al-Qoida” tashkilotiga aloqadorligi sabab. Aslida, yuqorida ta’kidlanganidek, “Hay’at tahrir Ash-Shom” 2016 yil “Al-Qoida” bilan aloqani uzgan.
Shara’ aytishicha, “HTSH” terror tashkiloti emas.
– Biz oddiy fuqarolar yoki tinch hududlarni nishonga olmaganmiz. Aksincha, Asad rejimi jinoyatlari qurbonimiz, – dedi u BBCga.
Yetakchi Suriya keyingi Afg‘onistonga aylanishi mumkinligi ehtimolini rad etdi.
Ahmad Ash-Sharaa aytishicha, bu ikki mamlakat ikki xil, an’analari ham bir-biridan farq qiladi.
U ayollar ta’lim olishi kerakligiga ishonishini bildirdi.
– Idlibda sakkiz yildan beri bizning universitetlarimiz faoliyat ko‘rsatadi, – dedi u. – Bu universitetlarda tahsil olayotgan xotin-qizlar miqdori 60 foizdan ko‘p.
“Spirtli ichimliklarga ruxsat berasizlarmi?” mazmunidagi savolga javob quyidagicha bo‘ldi:
– Hozir men gapirishni istamaydigan juda ko‘p narsalar bor, bu masalalar qonunchilik bilan bog‘liq. Yaqinda konstitutsiyani yozishga kirishadigan huquqiy ekspertlar qo‘mitasi tashkil etiladi. Qarorni ular qabul qilishadi. Shundan so‘ng har qanday rahbar yoki prezident qonunga bo‘ysunadi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA