Bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari Xitoy Xalq Respublikasining «Wanlin Group» kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda hamkorlikda amalga oshiriladigan «O‘zbekiston – Qingdao qishloq xo‘jaligi sanoat, fan va texnologiyalar parki» loyihasining asosiy yo‘nalishlari, undan kutilayotgan natijalar va loyihaning ikki tomonlama majburiyatlari muhokama qilindi.
«Wanlin Group» kompaniyasining vakillari, loyihaning faoliyati ikki asosiy yo‘nalishda olib borilishi belgilanganini ta’kidladilar. Bunda avvalo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnik xizmatlarini taqdim etish hamda agrar sohani qo‘llab-quvvatlovchi boshqa tarmoqlarni rivojlantirish maqsad qilingan. Kompaniya mamlakatimizda sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik korxona tashkil etishni, uning 90 foizini Yevropa bozorlariga eksport qilishni rejalashtirmoqda, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuv davomida tomonlar dunyo bo‘ylab qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talablar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar va tayyor mahsulotni eksport qilishda logistik afzalliklar haqida fikr almashdilar. O‘zbekistonning strategik joylashuvi va dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagani sababli transport xarajatlarini kamaytirish uchun davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yengilliklar ham muhokama qilindi.
M.Hojiakbarova, O‘zA