Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tayotgan “Internetni boshqarish forumi” (“Internet Governance Forum”)da qatnashdi.

Vazir forum doirasida tashkil etilgan yalpi majlisda nutq so‘zladi va panel sessiyalar hamda boshqa qator muhokamalarda ishtirok etdi.

“Internetni boshqarish forumi”  BMT tashabbusi bilan 2006 yilda tashkil etilgan platforma bo‘lib, unda internetni boshqarishga doir masalalar muhokama qilinadi. Forum internet foydalanuvchilari, hukumatlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati va akademik doira vakillari o‘rtasidagi muloqot uchun ochiq maydon vazifasini bajaradi.

Mazkur tadbir doirasida bugungi kunda dunyo miqyosida hukumatlarning o‘zaro hamkorligi, turli xavf-xatarlarning oldini olish hamda amaldagi xalqaro rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, bugungi kunga kelib texnologiyalar va innovatsiyalar tufayli insonlarning hayot tarzi keskin o‘zgargani va kelgusida ushbu jarayonlar yanada jadallashib borishi bo‘yicha turli davlatlarning siyosiy vakillari, tadqiqotchilar va malakali mutaxassislari bilan fikr almashildi.

N.Rahmonova, O‘zA