“O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatiga “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “B”– “Barqaror” darajasidagi reyting berildi. Bu ko‘rsatkich jamiyatning moliyaviy barqarorligini tasdiqlab, sarmoyadorlar va mijozlar ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, u tashkilotda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga yordam beradi.

Mazkur natijaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyuldagi qarori doirasida erishildi. Unga ko‘ra, jamiyat faoliyatini tahlil qilish uchun “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi jalb etildi. 2022-2024 yillar ko‘rsatkichlari va 2025 yil uchun prognoz asosida jamiyat “B” – “Barqaror” xalqaro kredit reytingiga loyiq topildi.

Tahlillarga ko‘ra, tashkilot xatarlarni samarali boshqarib, yuqori operatsion samaradorlikka erishish orqali daromad ko‘rsatkichlarini oshirish imkoniyatiga ega.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi moliyaviy va tovar bozorlarida yetakchi bo‘lgan “S&P Global” (NYSE: SPGI) kompaniyasi tarkibiga kiradi. Uning kredit reytinglari va tadqiqotlari ko‘plab kompaniyalarga iqtisodiy rejalarni shakllantirishda ko‘mak beradi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA