Chavandozlar “Milliy gvardiya kubogi” uchun bellashdi (+video)
Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Uloq-ko‘pkari federatsiyasi va Namangan viloyat hokimligi hamkorligida viloyatdagi “Otchopar“ maydonida musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Unda Chavandozlar maktablari sportchilari jamoaviy uloq-ko‘pkari bo‘yicha “Milliy gvardiya kubogi“ uchun bellashdi.
Mazkur musobaqada Milliy gvardiyaning 14 ta hududiy Chavandozlar maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan uloq-ko‘pkari musobaqasining saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chavandozlar maktablari jamoalari ishtirok etdi.
Musobaqa murosasiz bellashuvlarga boy o‘tdi. G‘oliblik uchun jamoalar astoydil harakat qildi. Biroq tajriba o‘z so‘zini aytdi. Kuchli jamoalar yakunda g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Unga ko‘ra uchinchi o‘rin Milliy gvardiya Toshkent viloyati Chavandozlar maktabi jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chavandozlar maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi. Faxrli birinchi o‘ringa Milliy gvardiya Namangan viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi sazovor bo‘ldi.
G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Rahmonova, O‘zA