Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, mazkur tuzilma fuqarolarning, respublika hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi hamda o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Ombudsman fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarga tizimli yechim taklif etish va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish bo‘yicha monitoring va tahlil faoliyatini amalga oshiradi.

Qonun bilan Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi mustahkamlandi.

Toshkent shahrida “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi vakolatlari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda gap bordi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senator va deputatlar, davlat organlari, mahalliy hokimiyat vakillari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi yangi qonunchilik mexanizmlariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda Ombudsman devoni xodimlari ishtirokchilarga Ombudsmanning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari va boshqa faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA