Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida IT Park Uzbekistan vakolatxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nutq so‘zladi.

–O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Bu mintaqadagi sheriklarning mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan texnologik sektoriga bo‘lgan qiziqishini aks ettiradi, – dedi Sherzod Shermatov.

Vazirning ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlaydi. Yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashadi, mahalliy mutaxassislarning kasbiy o‘sishi va rivojlanishi uchun imkoniyatlar ochadi.

Tadbir doirasida mehmonlar O‘zbekiston IT sektorini va biznes muhitini qo‘llab-quvvatlashning asosiy dasturlari, jumladan, rivojlanayotgan startap ekotizimi va ularni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.

IT Park’ning Saudiya Arabistonidagi vakolatxonasi ikki mamlakat innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlik va tajriba almashinuvini qo‘llab-quvvatlovchi ko‘prik bo‘ladi.

N.Rahmonova,  

O‘zA