Qozog‘istonning Ostona shahrida gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida davom etayotgan Markaziy Osiyo chempionatining ikkinchi kungi musobaqalari O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.

Mamlakatimiz gandbolchilari Qozog‘iston jamoasi bilan kuch sinashgan bu galgi uchrashuvda kutilmagan vaziyat ro‘y berdi.

Ishqibozlar va mutaxassislar qozog‘istonliklarning ustunligini bashorat qilgan edi. Biroq barchasi boshqacha kechdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etib, mezbonlarni murakkab kechgan o‘yinda 38:32 hisobida dog‘da qoldirishga erishdi.

Eslatib o‘tamiz, 21 dekabrga qadar davom etadigan chempionatning birinchi kunida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Qirg‘iziston jamoasini 41:29 hisobida mag‘lub etgandi.

Chempionatning erkaklar jamoalari o‘rtasidagi bahslarida Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Pokiston va Mo‘g‘ulistonning erkaklar terma jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA