Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi.

Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Prezidentimiz rahbarligida muhim soha va tarmoqlarni taraqqiy ettirish istiqbollari yuzasidan o‘tkazilgan bir qator tadbirlar xususida to‘xtalib, belgilangan vazifalar ijrosi nazoratida deputatlar oldida muhim vazifalar turganini qayd etdi:

— Joriy yilning 13 dekabr kuni mamlakatimiz Prezidenti raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar chuqur tahlil qilindi, kelgusida amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar aholining zaif qatlamlari himoyasini yanada kuchaytirish, nogironlarga mos infratuzilma yaratish, ularni ish bilan ta’minlash va ta’lim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, kelasi yil 1 million 200 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalari hal qilinadi va yashash sharoiti yaxshilanadi. Kambag‘allik yuqori mingta mahallada yana bittadan oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab berilishi belgilandi. Kambag‘al oila farzandlarining o‘qishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi, xususan, 118 ming yoshlarni chet tili, axborot texnologiyalari va kasb-hunarga o‘qitilishi ko‘zda tutilmoqda.

Umuman aytganda, ijtimoiy himoya tizimi borasidagi vazifalarning hayotga tatbiq etilishi ijtimoiy himoya tizimining aniq va samarali ishlashiga, ko‘makka muhtoj aholining turmush darajasini oshirishga hamda jamiyatda ijtimoiy adolat va tenglik qaror topishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Kuni kecha mamlakatimiz Prezidenti raisligida yana bir muhim masala – banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Aytish kerakki, mahallalar, qishloqlar, aholi xonadonlarida tadbirkorlikni rivojlantirishga banklar tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak natijasida ko‘plab aholi ishli, daromadli bo‘lmoqda. Masalan, birgina Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi 3 ming 200 ta xonadonda loyihalar ishga tushirilgan, 12 ming odam o‘z tomorqasida daromad topishni o‘rgangan.

Banklar bu boradagi ijobiy tajribalarni kengaytirib, xalqqa madad bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari 2025 yil bandlikni ta’minlash hamda kambag‘allikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo‘lishini alohida qayd etdi.

Yig‘ilishda bu boradagi yangi imkoniyatlar va rejalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, banklar, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kredit olib, daromadli biznesga ega bo‘lgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqish, ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi belgilandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan yana bir muhim masala – kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirishga ko‘p vaqt ketayotgani bo‘ldi. Bu boradagi qonunchilikni o‘zgartirish, unda garovga nisbatan bank huquqlari ustuvorligini hamda undiruvga qaratilgan mulklar tezroq sotilishini nazarda tutish zarurligi aytib o‘tildi.

Aytish kerakki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surgan tashabbuslar hamda belgilab berilgan vazifalar o‘z vaqtida amalga oshirilishi parlament a’zolari zimmasiga ham o‘ziga xos mas’uliyat yuklaydi. Avvalo, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etishni ko‘zda tutuvchi tadbirlarni kelgusi yilgi ish rejalarimizga kiritishimiz kerak bo‘ladi. Deputatlarimiz yig‘ilishlarda belgilangan vazifalarning joylarda bajarilishi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini amalga oshirishlari zarur, — dedi Spiker.

Muhtarama Komilova,

O‘zA