Nukusda YUNESKO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda “Qo‘biz va jirov an’analarini asrash: nomoddiy madaniy merosni ta’lim tizimiga integratsiya qilish” mavzusida ikki kunlik o‘quv dasturi tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm boshqarmasi hamda Madaniyat vazirligining amaliy ko‘magida tashkil etilgan tadbirda qo‘biz va jirov an’analarini misol tariqasida ko‘rsatish orqali Nomoddiy madaniy meros tushunchasi va tamoyillarini targ‘ib qilish yordamida ushbu mavzuning ahamiyati yoritib berildi.
Ushbu an’analar nafaqat Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosini aks ettiradi, balki an’anaviy urf-odatlar ta’lim jarayonlarini boyituvchi kuchli vosita ekanini ham namoyon etadi. Seminar pedagoglar va ta’lim muassasalari o‘rtasida ushbu merosni targ‘ib qilish orqali madaniy o‘zlikni mustahkamlash, ijodkorlikni rivojlantirish va avlodlar o‘rtasidagi rishtalarni kuchaytirishni maqsad qilgan. Shu kabi tashabbuslar orqali ta’lim nomoddiy madaniy merosni saqlash va uning hayotiyligini ta’minlashda muhim platformaga aylanadi.
Seminarda mutaxassislar, yosh mahoratli san’atkorlar, xalq ijrochilari, hunarmandlar va pedagoglar ishtirok etib, an’anaviy ko‘nikmalar va bilimlarni chuqurroq o‘rganish, shuningdek, qo‘biz va jirov an’analarini saqlash, targ‘ib qilish va kelajakka yetkazish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbirda qo‘biz va jirov an’analariga bag‘ishlangan hujjatli film taqdimoti o‘tkazildi. Film ushbu madaniy merosning boyligini namoyish etgan holda nafaqat keng ommaga ta’sirchan o‘quv resursi sifatida, balki o‘qituvchilar va keng jamoatchilikni ushbu an’analarni saqlash uchun faol hissa qo‘shishga ilhomlantiruvchi vosita sifatida ham xizmat qiladi.
Qo‘biz musiqa asbobini yasash san’ati va unga bog‘liq jirov ijrochilik an’anasi Qoraqalpog‘iston madaniy merosining muhim qismi hisoblanadi. Biroq, ushbu an’analar ustalar soni kamayishi, yosh avlodlar orasida xabardorlikning sustligi va bilimlarni saqlash hamda ularni avlodlarga yetkazishda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar kabi muammolarga duch kelmoqda.
Mazkur seminar “An’anaviy musiqa asbobi qo‘biz yasash va jirov ijro an’analarini saqlash bo‘yicha tezkor choralar” loyihasi doirasida tashkil etildi. Ushbu loyiha YUNESKO tashkilotining 2003 yilgi konvensiyasi Nomoddiy madaniy meros jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi – Qoraqalpog‘istonning jonli merosini, xususan, qo‘biz va jirov an’analarini saqlab qolish va ushbu madaniy merosni asrab-avaylashning ahamiyati haqida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida xabardorlikni oshirishdan iborat.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA