Markaziy bank 2025 yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxatini tasdiqladi. 2024 yil 1 oktyabr holatiga ularning O‘zbekiston bank tizimining aktivlardagi ulushi 67 foizni tashkil etmoqda.
Regulyator xabariga ko‘ra, O‘zmilliybank, Agrobank, O‘zsanoatqurilishbank, Xalq banki, Asakabank, Ipoteka-bank, Kapitalbank 2025 yil uchun mahalliy tizimli ahamiyatga molik banklar sifatida belgilanmoqda. Mazkur banklar respublika bank tizimi barqarorligiga sezilarli ta’sir qilishi mumkin ekani qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023 yil 18 fevraldagi qarori bilan “Tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom“ tasdiqlangan.
Mazkur nizom Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining “Mahalliy tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlashning hadli shartlari to‘g‘risida”gi yo‘riqnomasi, xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda milliy bank tizimining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Nizomga muvofiq, respublika bank tizimi barqarorligiga sezilarli ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tizimli ahamiyatga molik banklar 4 ta mezon asosida aniqlanadi.
Bankning aktiv va majburiyatlari hajmi – bank aktivlari va balansdan tashqari moddalari hajmining barcha banklar umumiy aktivlari va balansdan tashqari moddalari jami hajmidagi ulushi asosida aniqlanadi.
Bankning bank tizimi ishtirokchilari bilan o‘zaro bog‘liqligi – bankning boshqa banklarda joylashtirilgan aktivlari va uning boshqa banklar oldidagi majburiyatlari hajmining barcha banklarning boshqa banklardagi aktivlari va boshqa banklar oldidagi majburiyatlari jami hajmidagi ulushi asosida aniqlanadi.
Bankning qamrovi – bankning mahalliy to‘lovlar va o‘tkazmalar hajmi va sonining, iqtisodiyot tarmoqlari kesimida ajratilgan kreditlar hajmining, bankdagi jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar omonatlari hajmining bank tizimi bo‘yicha tegishli jami ko‘rsatkichlardagi ulushlari hamda bankning xizmat ko‘rsatish nuqtalari soni asosida aniqlanadi.
Bank operatsiyalari murakkabligi – bankning transchegaraviy (xalqaro) majburiyatlari summasining respublikadagi barcha banklar transchegaraviy majburiyatlari umumiy summasidagi ulushi asosida baholanadi.
Markaziy bankning qayd etishicha, tizimli ahamiyatga molik deb topilgan banklar uchun alohida bank nazorati o‘rnatiladi. Ushbu banklarning to‘lovga qobiliyatli bo‘lishi nafaqat moliya tizimining, balki butun iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, noyabr oyida Markaziy bank sakkizta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llagani haqida xabar berilgandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA