Ma’lumki, tuproq ma’lumotlarini raqamlashtirish qishloq xo‘jaligida juda muhim hisoblanadi va tizimning qariyb barcha sohalariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shu bois ham bugun mamlakatimizda yer maydonlaridagi tuproqlarni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu kunlarda “Tuproqsifattahlil” DUK tomonidan Janubiy Koreyaning Osiyo oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik tashabbusi hamda Qishloq taraqqiyot boshqarmasi bilan hamkorlikda 2023-2026 yillarda “Qishloq oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun Milliy tuproq axborot tizimini yaratish” jumladan, “Tuproq ma’lumotlarini raqamlashtirish” loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Osiyo oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik tashabbusi tomonidan 15 ta mamlakatda tuproq yo‘nalishida moliyalashtirilgan loyihalarning birinchi yillik tahlili asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Tuproq ma’lumotlarini raqamlashtirish” loyihasi eng yaxshi loyiha sifatida e’tirof etildi. Bu yutuq loyihaning samaradorligini va uning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini ko‘rsatadi.

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA