O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.

Oliy sud raisi B.Islomov raislik qilgan majlisda yer, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti bilan bog‘liq plenum qarorlari ko‘rib chiqildi.

Konstitutsiyadan yerga doir alohida norma o‘rin olgan bo‘lib, 68-moddada yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik ekani e’tirof etilgan. Ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Yer bilan bog‘liq har qanday munosabat muhim va davlat tomonidan tartibga solinadi. So‘nggi yillarda yer bilan bog‘liq jinoyat ishlari ko‘payib borayotgani, sudlar tomonidan bu toifadagi ishlarni ko‘rishda jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish, jazo tayinlash, fuqaroviy da’vo masalasini hal qilish amaliyotining turlicha hal qilinayotgani, yagona amaliyotning shakllanmagani sababli bu toifadagi ishlarni ko‘rishda sudlarga qonunni amalda to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan tushuntirish berish zarurati yuzaga keldi.

– Shu munosabat bilan Oliy sud plenumining “Yer bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqildi, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – Unda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer berish tartibini buzish, yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish, sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish jinoyatlarining zaruriy belgilari, ularni kvalifikatsiya qilishning o‘ziga xos jihatlari va boshqa o‘xshash tarkibli jinoyatlardan farqi haqida tushuntirishlar berilgan.

Plenum qarori bu toifadagi ishlarni ko‘rish jarayonida odil sudlovga erishishga xizmat qilish bilan birga, sud amaliyotini birxillashtirish, qonunlarni aniq va to‘g‘ri qo‘llashga xizmat qiladi. Davlat boji boshqa turdagi majburiy to‘lovlar qatori Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etadi. Shu bois, ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilib, sudlar davlat bojini undirish to‘g‘risidagi qonun talablariga qat’iy rioya etishlari talab qilinadi.

Oliy sud plenumining “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori sud xarajatlarini undirish masalasiga doir qonunchilikni sudlar tomonidan to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Shu kungacha amalda bo‘lgan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi plenumi qarori 15 yil avval qabul qilingan bo‘lib, bu davr ichida qonunchilikda bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Bu esa, mazkur plenum qarorini ham qaytadan ko‘rib chiqqan holda uning yangi tahririni qabul qilish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

Yangi qaror amaliyotda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarning kelgusida oldini olish, amaliyotdagi ayrim noaniq holatlar yuzasidan tushuntirish berish, sudlar tomonidan qonun normalarini bir xil talqin qilinishi va yagona amaliyotni yaratishga qaratilgan.

Plenum qaroriga sudlar tomonidan davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, sudlarda turlicha amaliyot yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan holatlarga batafsil tushuntirishlar berish haqidagi yangi bandlar kiritildi.

Oliy sud plenumining “Iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risidagi qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori ham sud xarajatlarini undirish masalasiga doir qonunchilikning sudlar tomonidan to‘g‘ri qo‘llanilishi va amaliyotni birxillashtirishni ta’minlashga qaratilgan.

Oliy sud va quyi sudlarning sudyalari, Bosh prokuror, Konstitutsiyaviy sud va Sudyalar assotsiatsiyasi raislari, senatorlar, deputatlar, Ombudsman, Bolalar ombudsmani hamda Sudyalar oliy kengashi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar, OAV vakillari ishtirok etgan majlisda ko‘rib chiqilgan qarorlar hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Plenum qarorlari matnlari Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, Oliy sud axborotnomasi va “Kuch – adolatda” gazetasida e’lon qilinadi.

Norgul Abduraimova,

Nosir Haydarov (surat), O‘zA