Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi “WAM” o‘z sahifalarida O‘zbekistondagi energetika va qayta tiklanadigan energetika loyihalari haqida maqola e’lon qildi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir hamda energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiydan iborat delegatsiya bilan uchrashuvida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va investitsiyaviy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqilgani batafsil yoritilgan.
Muallif O‘zbekiston-BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi yuksak darajasi, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshayotgani, Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetganini e’tirof etgan.
Shuningdek, barcha darajadagi samarali muloqotlarni davom ettirish va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA