Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 7 dekabrida “Turizm sohasini raqamlashtirish va turistik xizmatlarni yagona platformaga birlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Milliy turizm yagona platformasi sinov tariqasida, 2025 yil 1 dekabrdan esa to‘liq ishga tushiriladi.

Ushbu platforma quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi. Sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va sayyohlar tomonidan baholash, respublikadagi turoperatorlar va turagentlar xizmatlari, shu jumladan, sayyohlarga gid, gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi, ekskursiya yetakchilari xizmatlaridan foydalanish, yo‘nalishsiz taksi va avtotransport vositalari ijarasi xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Avtobus, avia va temiryo‘l chiptalari, madaniy meros ob’ektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish, xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, turizm sohasiga oid statistik hisobotlarni yuritish va real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini beradi.

Platforma ma’lumotlarining 14 ta xorijiy tilga tarjimasi ta’minlab boriladi. Transport vazirligi bilan birgalikda “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimi, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways” va boshqa yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega tashkilotlarning elektron chiptalarini xarid qilish tizimlari integratsiya qilinadi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA