“BMB Za’faron” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan za’faronli mahsulotlar hamda “BMB Agro Plus” korxonasida qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasidagi namoyishi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkazi”da joriy yilning 12 dekabrida boshlangan yarmarka bugun  nihoyasiga yetadi.

Ushbu ko‘rgazma davomida tarmoqlar tomonidan import qilinayotgan hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, mahalliylashtirish bo‘yicha investitsiya loyiha takliflari, yangi loyihalar doirasida “mahalliy kontent” ulushini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Mazkur nufuzli ko‘rgazmada za’faron mahsulotidan tashqari “BMB HOLDING” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi, asosan Jizzax viloyati hududida faoliyat olib borayotgan korxonalar  ham  o‘z mahsulotlari bilan faol ishtirok etmoqda.

Kompaniya tarkibidagi eksportga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ravishda yurtimizda yetishtirilib, qayta ishlangan yuqori sifatli, jahon standartlariga javob bera oladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nafaqat qo‘shni davlatlarga, balki Osiyo va Yevropa qit’alarning qator mamlakatlariga ham yetkazib berilayotgani tahsinga molik.

Jumladan,  “BMB-NRC Agrologistics” majmuasi orqali xorijiy davlatlarga  xurmo, olma, limonning bir nechta turlari, piyoz, loviya, oshqovoq kabi sabzavot va poliz mahsulotlari Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Pokiston, Xitoy, Turkiya, Latviya, Eron hamda Gruziya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

A.Qayumov,

O‘zA muxbiri