Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ittihod” nashri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 dekabr kuni yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etganini yoritdi.

Maqolada davlatimiz rahbarining hududlarga bo‘lgan tashriflarida ko‘plab loyihalarga asos solinayotgani, shuningdek, umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 24 ta loyiha tayyorlangani, xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida qariyb 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya qurib bitkazilgani qayd etilgan.

E’tiborli jihati, ilk bor Andijon va Farg‘onada 300 megavattli energiya saqlash tizimi faoliyati, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES shay holatga keltirilgani maqolada alohida e’tirof etilgan.

Muallif Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 2,5 ming megavattli 6 ta elektr inshooti qurilish arafasida ekani,  ushbu yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinishiga e’tibor qaratgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA