Ibrat
Aniq eslayman. Qishning izg‘irinli kunlari edi. Beshinchi sinfda tahsil olardim. Bir kun maktabdan qaytayotib, ko‘zim beixtiyor yo‘l chetida yotgan qog‘ozga tushdi. Darhol, uni qo‘limga oldim. O‘n so‘mlik pul ekan. Zudlik bilan uyga oshiqdim. Bu vaqtda mendan baxtli odam yo‘q edi. Ko‘cha eshik oldida onam meni kutib turardi.
– Oyijon, mana buni qarang, yo‘l chetida yotgan ekan, topib oldim, – dedim o‘zimda yo‘q xursand.
Onam mening bu xursandchiligimni butunlay boshqacha qarshi oldi.
– Hoziroq ortingga qaytib, pulni qaysi joydan olgan bo‘lsang, o‘sha yerga qo‘yib kelasan, – dedi.
Ming bir xayol bilan ortimga qaytdim. Axir, pulni o‘g‘irlab olmagan bo‘lsam, nega uni olmadilar? Pulni topib olganimga ishonmadilar, shekilli. Pulni olib borib joyiga qo‘ydim, deb aytsam-chi. Uni yashirganimni bilib qolsalar, nima bo‘ladi? Shu kabi o‘y-xayollar bilan pulni topib olgan joyga kelib qolganimni sezmay qolibman.
Pulni qayerdan olgan bo‘lsam, o‘sha holda joyiga qo‘ydim va orqamga qaytdim. Uyga kelib, onamga aytdim. Onam menga ishondilar. Shundan so‘ng menga:
– Dunyoda birovning haqidan qo‘rq. Halol, peshona tering bilan topgan har bir tangang o‘zingga yuqadi. Sen topib olgan o‘sha o‘n so‘m uchun kimdir mehnat qilgan. Haromdan hamisha hazar qil. O‘zingga doimo to‘g‘ri bo‘l. Dunyoda faqat halollik, poklik, to‘g‘rilik yashab qoladi. Sen hayotga endi qadam tashlayapsan. Yo‘l boshida turgan odam xatoga yo‘l qo‘ysa, umri davomida faqat qiyinchiliklarga duch kelaveradi. Endi o‘zing xulosa chiqarib ol, bolam, – dedi.
Bu gaplarni onam shunday aytdilar-ki, ovozlarida qandaydir titroq, mahzunlik ohanglari sezilib turardi. Bu ohang hali- hanuz quloqlarim ostida jaranglaydi. Oradan qancha yillar o‘tdi. O‘sha ko‘chadan o‘tayotganimda pul topib olganim joyga nigohim tushadi-yu, yana o‘sha voqea xayolimda qayta jonlanaveradi.
Hayotda onamning aytganlariga rioya qilib kam bo‘lmadim…
Bo‘lib o‘tgan bu voqeani farzandlarimga ko‘p marotaba hikoya qilib berganman. Har safar ular diqqat bilan quloq solishadi. Bu voqea men uchun onamdan bir xotira bo‘lsa, farzandlarim uchun tarbiya maktabidir.
Asror Sulaymonov, O‘zA