Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili, “Tong yulduzi” hamda “Klass” respublika bolalar nashrlari tahririyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Unda so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mamlakatimizda inson huquqlarini, ayniqsa bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar o‘z samarasini berayotganini qayd etdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi va “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi qabul qilinganligining 35 yilligi tantanalari doirasida tashkil etildi.

Tanlovga 2024 yil fevral oyida start berilgan edi. O‘tgan davrda bu boradagi ijodiy musobaqalar 4 ta yo‘nalish, ya’ni “Eng yaxshi maqola va insho”, “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi rasm”, “Eng yaxshi video rolik” nominatsiyalari bo‘yicha tashkil etildi.

Shu qisqa vaqt ichida yosh ijodkorlar tomonidan “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari tahririyatiga 300 dan ortiq material va ijodiy ishlar kelib tushdi. Tanlovda poytaxtimiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi maktab o‘quvchilari ancha faollik ko‘rsatdi. Natijada 16 nafar iqtidorli o‘quvchi ijodiy musobaqalarning 4 ta yo‘nalishi bo‘yicha 1, 2, 3-o‘rinlar va rag‘batlantiruvchi nominatsiyalarga sazovor bo‘ldi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bola huquqlarini ta’minlashda xalqaro standartlar va milliy mexanizmlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirilgan.

Bu kabi tanlovlar yosh avlod qalbiga ona Vatanga mehr, sadoqat va hurmat tuyg‘ularini yanada chuqur singdirishga, farzandlarimizni Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Qolaversa, bolalar o‘zlarining Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqlaridan oqilona foydalanishlari va majburiyatlarini teran his etishlari uchun muhim turtki bo‘lishi tayin.

Tantanali tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangi ochilgan «Inson huquqlari uyi»da gibrid formatda o‘tkazildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA