Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida Germaniya Bundestagining “Xalqaro parlament stipendiyasi” (IPS) dasturi uchun nomzodlarni saralash uchrashuvi tashkil etildi. Suhbatni Bundestag aʼzosi Kay Gering olib bordi.
Oʻzbekiston – Germaniya koʻpqirrali hamkorlik munosabatlarida parlamentlararo aloqalar ham muhim oʻrin tutadi. Ikki davlat parlamentlararo aloqalari tarixi juda boy boʻlib, uning yanada taraqqiy etishi ikki mamlakat uchun alohida ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasi tashabbusi bilan mamlakatimiz 2020-yilda birinchi marotaba Germaniya Bundestagining “Xalqaro parlament stipendiyasi” (IPS) dasturiga kiritilgan edi. Dasturda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida parlamentarizm aloqalarini yanada rivojlantirish, ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorlikning kengaytirishga koʻmaklashish vazifalari nazarda tutilgan.
– Mazkur dasturda 50 davlatdan jami 120 nafar ishtirokchi Germaniya Bundestagi tomonidan moliyalashtiriladigan stipendiya yordamida Berlin shahriga tashrif buyurib, Germaniyaning parlament tizimini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi, — deydi Germaniya parlamentining “Yashillar” partiyasi deputati, Fan-taʼlim boʻlimi boshligʻi Kay Gering. – Dasturning maqsadi ishtirokchilarni siyosiy qarorlar qabul qilishning demokratik jarayoni bilan bevosita tanishtirishga qaratilgan. Ishtirokchilar jahon demokratiyasi, Germaniyadagi ochiqlik siyosati, qadrlash madaniyati, bu yerdagi universitetlarning taʼlim tizimi haqida ham keng maʼlumotlarga ega boʻlish bilan birga turli davlat vakillari sifatida ular oʻzaro hamjihatlik va doʻstlik rishtalarini oʻrnatadi.
Taʼkidlanganidek, besh oy davomida ishtirokchilar Germaniya parlamenti deputatlari jamoasida faoliyat olib boradi. Ushbu davlat parlament tizimi, qonun hujjatlari va siyosiy qarorlar ishlab chiqish jarayoni bilan yaqindan tanishadi. Turli seminar, uchrashuv va amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etadi. Shu bilan birga, Berlin universitetlarining oʻquv tadbirlarida qatnashadi.
Mazkur stipendiya uchun talabgorlar 30 yoshdan oshmagan, oliy maʼlumotli, nemis tilini biladigan, siyosiy va ijtimoiy hayotda faol boʻlishi talab etiladi.
– Men “Xalqaro parlament stipendiyasi” dasturining 2020/2021-yildagi ishtirokchisiman, — deydi Jamshid Karimov. – Besh oy davomida Germaniya parlamentining deputatlar idorasida malaka oshirib qaytganman. U yerda Yevropa parlamenti tizimi, uning ishlash mexanizmlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldim, yangi bilimlar orttirdim. Yurtimga qaytgach, doktoranturada taʼlimni davom ettiryapman. Hozirda Iqtisodiyot universiteti hamda Germaniyaning Konstans universiteti taʼlimi asosidagi ilmiy ishimni yakunlash arafasidaman. Germaniya parlamentida orttirgan tajribamni kelgusi faoliyatimda oʻrinli qoʻllagan holda yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilish niyatidaman.
Kamola Yusupova, OʻzA muxbiri