O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

2017 yildan buyon har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu kun yurtimiz dehqon va fermerlari, tomorqa yer egalari, olimlar hamda sohaning jonkuyar xodimlariga hurmat va minnatdorlik bildirish uchun alohida sana hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi xodimlari xalqimizning farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi fidoyiligi bilan mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Shu sana munosabati bilan soha fidoyilarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev va boshqalar qishloq xo‘jaligi xodimlarining mashaqqatli mehnatini alohida ta’kidlab, yuqori natijalarga erishgani uchun ularga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Fermer xo‘jaliklari, klasterlar rahbarlari, tomorqa yer egalari, soha olimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda sohada fidoyilik namunasini ko‘rsatib kelayotgan 37 nafar fidoyi xodim “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi a’lochisi”, “O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidoyisi”,  “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi”  kabi ko‘krak nishonlari, 6 nafari esa dam olish maskanlariga bepul yo‘llanma bilan taqdirlandi. Ushbu mukofotlar ularning mehnatini e’tirof etish bilan birga, boshqa dehqon va fermerlarni ham yuksak natijalarga erishishga undashi shubhasiz.

Tadbirda ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi – bu nafaqat mahsulot yetishtirish, balki milliy merosimiz va turmush tarzimizni yuksaltirishga qaratilgan buyuk ishlardan biridir. Shu bois, bugungi tadbir nafaqat soha xodimlarini rag‘batlantirish, balki jamiyatda mehnatkash va fidoyi insonlarga hurmat-e’tiborni oshirishda ham muhim ahamiyatga ega.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA