Yaponiya poytaxti ishchi onalarga yordam ko‘rsatish va rekord darajadagi past tug‘ilish darajasini oshirish uchun davlat xizmatchilariga haftasiga to‘rt kunlik ish haftasi joriy qiladi.
Tokio poytaxti hukumatining aytishicha, 2025 yil aprel oyida boshlanadigan yangi kelishuv xodimlarga haftada uch kun dam olish imkonini berishi mumkin. Shuningdek, 1−3-sinflarda o‘qiydigan bolalari bor ota-onalarga boshqa bir taklif ham mavjud: bunda ular odatdagidan kamroq ish haqi olishi evaziga qisqartirilgan ish soatlariga ega bo‘la oladi.
Yodingizda bo‘lsa, shu yilning oktyabr oyida Islandiyaning 4 kunlik ish haftasiga o‘tishi butun dunyoda shov-shuv bo‘lgandi. Bu qarorni mahalliy hukumat Islandiyadagi kabi to‘rt kunlik ish haftasi iqtisodiyot o‘sishiga xizmat qilgani uchun qabul qilmadi. Gap demografiyada. Tokioda keksa aholi foizi juda ko‘p. Shu bois, davlat amaldorlari odamlarga ko‘proq dam olish kunlari berilsa, ularda oila qurish va farzand ko‘rishga istak ko‘payadi, degan fikrga kelgan. Hozir yaponlar oila va karera o‘rtasida tanlov qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Islandiyadagi o‘rta maktab o‘qituvchisi Mariya Xyalmisdottir bu islohotning amaldagi natijalari haqida yozgan.
Ma’lumki, Islandiya 2019 yildan buyon ish haftasini 36 soatgacha qisqartirish bo‘yicha muvaffaqiyatli islohotlarni amalga oshirib kelayotgan edi. Buning natijasi o‘laroq, 90%ga yaqin islandiyalik hozirda kamroq ishlash imkoniyatiga ega. Bu kamroq stressga chalinish, ishdan qoniqish hissining ortishi va shaxsiy hayot uchun ko‘proq vaqt ajratishga yordam berdi.
Ayniqsa, bu o‘zgarish ayollarning oila va ishni uyg‘unlikda olib borishida yengillik tug‘dirgani katta yutuq sifatida e’tirof etilmoqda. Erkaklar o‘z navbatida farzandlari hayotida faolroq ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Endi odamlar oila bilan o‘tkazish yoki shifokorga borish, do‘kondan mahsulotlar xarid qilish va sport bilan shug‘ullanish kabi zaruriy ishlar o‘rtasida tanlovni amalga oshirishi shart emas.
Bu tajriba Germaniya, Portugaliya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarni ham pilot loyihalarni ishga tushirishga undadi, Belgiya esa qonunchilik tomonidan barcha hoxlovchilar uchun to‘rt kunlik ish haftasini joriy qilgan ilk YeI mamlakatiga aylandi.
Islandiya tajribasi shuni ko‘rsatdiki, ish vaqtining qisqarishi ish unumdorligi va xizmat ko‘rsatishga zarar yetkazmadi. Aksincha, qahva uchun uzoqroq muddatli tanaffuslardan voz kechish evaziga ular avvalgidek qoldi yoki undan ham yaxshilandi.
Ish haftasining qisqarishi Reykyavik aholisi juma kunlari doimiy duch keladigan probkalardan ham qutulishga yordam bergan.
Xo‘sh, Siz qanday fikrdasiz? O‘zbekiston aholisi uchun ham 4 kunlik ish haftasi kerakmikin? Fikrlaringizni izohlarda qoldirishingiz mumkin.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA