Mamlakatimizdagi turli davlat hamda nodavlat tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, mehnat jamoasi orasida Vatanga muhabbat, o‘zaro hurmat kabi chin insoniy fazilatlarni shakllantirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
“Eng namunali vazirlik va idora” tanlovi ham mazkur chora-tadbirlarning amaldagi ifodasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Poytaxtimizda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Eng namunali vazirlik va idora” hamda “Eng namunali tuman va shahar” tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi faxrli 1-o‘rinni egalladi hamda Prezident sovg‘asi sifatida “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari munosib o‘rin olgan vazirlik va idora hamda tuman-shaharga Prezident sovg‘asi sifatida 2-o‘ringa — 40 million so‘m pul, 3-o‘ringa — 25 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
4 va 5-o‘rin sovrindorlariga esa 10 million so‘mlik kitoblar to‘plami taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA