Yaponiyada “Expo 2025” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishi kutilayotgan O‘zbekiston milliy paviloni Germaniyaning dizayn bo‘yicha “A’lo me’morchilik – yarmarkalar va ko‘rgazmalar” nominatsiyasida oltin medaliga loyiq topildi.

Osaka shahrida bo‘lib o‘tadigan “Expo 2025” ko‘rgazmasining mavzusi “Bo‘lg‘usi jamiyatni hayotimiz uchun loyihalashtirish” deb nomlanadi. O‘zbekiston esa ko‘rgazmada “Bilimlar bog‘i” shiori ostida qatnashadi.

Pavilon Markaziy Osiyo davlati uchun yangi davr ramzi — o‘sish va rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan namoyishni o‘zida qamragan. Dizaynida tabiiy ashyolar va modulli qurilmalardan foydalanilgan.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining xabar berishicha, pavilonda yurtimizning boy tarixi namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarga ilm-fan, innovatsiyalar va mamlakatdagi o‘zgarishlar haqida noyob tushunchalar taqdim etiladi. Loyihaga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan buyurtma berilgan.

– O‘zbekiston paviloni Germaniyadagi dizayn mukofotida oltin medalga sazovor bo‘lganidan hayratdamiz, – dedi “ATELIER BRÜCKNER” boshqaruvchi direktori Shirin Frangoul-Bryukner. – Bu bizning O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi uchun amalga oshirib kelayotgan uchta yirik loyihamizdan biridir. Mazkur loyihada an’anani zamonaviylik bilan uyg‘unlashtiradigan barqaror me’morchilik va ilg‘or dizaynning muhimligiga urg‘u beriladi.

Darvoqe, “Bilimlar bog‘i” nafaqat O‘zbekistonning istiqbolli kelajagi ramzi bo‘lib xizmat qiladi, balki mas’uliyatli va barqaror jamiyat barpo etishda ham muhim. Jamg‘arma raisi Gayane Umerova ta’kidlashicha, O‘zbekiston azaldan  tamaddunlar chorrahasida joylashgan, ilmiy va madaniy bilimlar Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab gullab-yashnagan.

– Oltin mukofotni Germaniya dizayn mukofotlari anjumanida qabul qilib olish Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi uchun muhim bosqich hisoblanadi, – dedi jamg‘arma raisi. – Bu jahon miqyosida O‘zbekistonning madaniy manzarasini asrab-avaylash, targ‘ib qilish va parvarishlash bo‘yicha ustuvor maqsadimizga hamohangdir.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA