Yaqin Sharqda yana bir urush nuqtasi

Ushbu hafta dunyoning yana ikkita nuqtasida siyosiy tartibsizlik boshlandi. Bulardan birinchisi Suriya bo‘lsa, Ikkinchisi Janubiy Koreyadir. Hozir Suriya haqida. Mamlakatdagi inqiroz Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Eron bosh diplomati Abbos Araqchi Suriya Prezidenti Bashar Asad bilan uchrashish uchun Damashqqa borishi Hayot Tahrir Al-Shom isyonchi guruhning Halab va Idlibdagi hududlar ustidan nazoratni qo‘lga olgan paytga to‘g‘ri keldi. Hafta davomida Hama shahri ham qo‘ldan ketdi.

Suriya armiyasi yakshanba kuni bu ikki shahardagi qo‘zg‘olonchilarni ortga qaytarish uchun bir necha qarshi hujum uyushtirgan. “Oq dubulg‘alilar” nomi bilan tanilgan mamlakat fuqarolik mudofasi guruhi Asad armiyasi qo‘shma qarshi amaliyotni Rossiya ko‘magida boshlaganini ma’lum qilgan.

13 yillik urushda Asadni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan RF bu gal ham Suriyaga isyonchi kuchlarga qarshi kurashda yordam berishi, tartibsizlikning dastlabki kunlarida 320 nafar jangari va 63 ta zirhli mashina yo‘q qilingani aytilgan. Eron ham uzoq davom etgan fuqarolar urushida Asadning asosiy siyosiy va harbiy ittifoqchisi hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Asad rejimi Yevropadagi ittifoqchilari orqali Isroildan yordam so‘ragan. Biroq, Tel-Aviv avval Suriyadagi Eronparast kuchlarni chiqarib yuborishini so‘rab, ijobiy javob bermagani ma’lum.

Mamlakat qurolli muxolifatini boshqarayotgan Hayot Tahrir Al-Shom guruhi rahbari Abu Muhammad Al-Jolaniyning so‘zlariga ko‘ra, Suriya isyonchilar koalitsiyasining maqsadi bu hafta yana bir yirik shaharni hukumat nazoratidan tortib olish va oxir-oqibat avtoritar prezident Bashar Asadni ag‘darishdir. Shuningdek, u mamlakatdan AQSH, Turkiya, Rossiya, Eron hamda Eronning ishonchli vakillari chiqib ketishini ta’kidlagan.

Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz

4 dekabrga o‘tar kechasi Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilib, o‘z qarorini konstitutsion tartibni “kommunistik kuchlar” va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan kelayotgan xavf-xatardan saqlash bilan izohlagan. Biroq, uning harakati o‘z hokimiyatini kuchaytirish va raqiblarini o‘zidan uzoqlashtirish ekani aytilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyadan ham, mahalliy “aksil davlat unsurlar” tomonidan ham paydo bo‘lgan tahdidlarni bartaraf etish kerak. Biroq, Prezident shimoldan aynan qanday xatar mavjudligiga aniqlik kiritmagan. Ayni payt har ikki tomon texnik jihatdan urush holatiga yaqin turibdi.

Shundan so‘ng parlament yig‘ilish o‘tkazib, harbiy holatni bekor qilgan. Bunday holat mamlakat tarixida oxirgi 44 yillikda kuzatilmagani ma’lum.

Janubiy Koreya bosh vaziri Xan Dak Su ko‘plab iste’folar va prezidentning iste’foga chiqishiga chaqiriqlar kuchayib borayotganidan keyin xalqqa “oxirigacha” xizmat qilishga va’da berdi.

“Men Vazirlar Mahkamasini nazorat qiluvchi Bosh vazir sifatida hozirgacha bo‘lgan barcha voqealar uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman. Shu paytdan boshlab Vazirlar Mahkamasi mamlakat barqarorligi va odamlarning kundalik hayotiga ta’sir qilmasligini ta’minlash bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarishi kerak “, -dedi Xan o‘z murojaatida.

Yunga impichment qo‘llanilishi shanba kuni kechqurun ko‘rib chiqilishi aytilgan. Video yozib olinayotgan vaqtda uning taqdiri noaniqligicha qolayotgan edi. Uning hukumatidagi o‘nlab amaldorlar iste’foga chiqqan. Ular orasida Mudofaa vaziri ham bor.

Isroil yurishining davom etishi

O‘tgan hafta Isroil-Livan o‘rtasida otashkesim e’lon qilingan edi. Biroq, bu bir haftaga ham bormadi. Yahudiy davlati askarlari va “Hizbulloh” o‘rtasida o‘zaro hujumlar davom etdi. “Hizbulloh” Isroilga qarshi javob zarbalarini tegishli organlarning ushbu qonunbuzarliklarni to‘xtatish haqidagi murojaatlari natija bermagani uchun boshlaganligini aytdi. Biroq, Tel-Avivning ittifoqchisi Qo‘shma Shtatlar “hammasi yaxshi bo‘lib ketadi” deyishdan nariga o‘tmayapti.

Yanvarda Oq uyga keladigan Tramp G‘azodagi asirlar ozod etilmasa, ularni jahannamga jo‘natish bilan tahdid qildi.

“Amnesty International” inson huquqlari tashkiloti esa yangi hisobotida Isroilning G‘azoga qarshi urushi genotsid belgilariga mos kelishi ta’kidlandi.

Tashkilot bir necha oylik tadqiqotlari, jumladan, guvohlarning keng ko‘lamli intervyulari, vizual va raqamli dalillar, sun’iy yo‘ldoshlar tahlilining yakuni bo‘yicha ana shunday xulosaga kelgan.

“Amnesty International”ga ko‘ra, Isroil tomonidan 1948 yilgi Genotsid konvensiyasi tomonidan taqiqlangan beshta harakatdan kamida uchtasini G‘azoda sodir etilgan. Bular sirasiga tinch aholini o‘ldirish, og‘ir jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazish va ataylab hayot sharoitlarini yomonlashtirish kiradi.

Isroilning sobiq mudofaa vaziri, sobiq armiya bosh shtab boshlig‘i Moshe Yaalon Isroil matbuotiga Netanyahuning o‘ta o‘ng qanot kabinetidagi qattiqqo‘l tarafdorlar G‘azo shimolidan falastinliklarni quvib chiqarishga intilayotganini va u yerda yahudiy aholi punktlarini qayta tiklashni xohlayotganini aytdi. “Biz olib borayotgan yo‘l — bu fath, anneksiya va etnik tozalash”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Payshanba kuni uy-joy vaziri G‘azo chegarasiga tashrif buyurdi va anklavda aholi punktlarini qayta tiklash tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. “Bu yerga yahudiylarning joylashishi 2023 yil 7 oktyabr qirg‘iniga va Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudga javobdir”, — degan vazir.

Hozir bir narsa aniq G‘azo hamda Livanda tinch aholi qurbon bo‘lmoqda va bunga Isroil shunchaki ko‘z yumayapti.

Rossiya migrantlarni quvmoqda

Urush ichida bo‘lgan Kreml migrantlarni “quvmoqda”. Rossiyaning Tver viloyatida 2025 yildan boshlab chet el fuqarolari ishlay olmaydigan iqtisodiyot sohalari ro‘yxatini ikki baravardan ham ko‘proqqa oshirilmoqda. 2024 yil uchun xorijlik ishchi kuchidan foydalanish iqtisodiy faoliyatning 36 turi bo‘yicha taqiqlangan bo‘lsa, keyingi yildan bu ko‘rsatkich 82 taga yetkazilmoqda.

Aytilishicha, iqtisodiy faoliyatning 52 turi bo‘yicha to‘liq taqiq joriy etiladi, 30 tasida esa ayrim kasblarga cheklovlar qo‘yiladi.

Kelgusi yildan boshlab elektr energiyasi, gaz va bug‘ bilan ta’minlash, suv olish, tozalash va taqsimlash, oqova suvlarni yig‘ish hamda qayta ishlash, kompyuter ishlab chiqarish, suv transporti faoliyatida chet ellik ishchilardan foydalanish butunlay taqiqlanadi. Shuningdek, televideniyedan tortib veterinariyagacha migrantlar xizmatidan vos kechiladi.

Bundan tashqari, ayrim kasblar bo‘yicha taqiq ro‘yxatiga chorvachilik, baliqchilik, go‘sht va baliqni qayta ishlash, sut mahsulotlari, non va non mahsulotlari, o‘simlik yog‘lari va yog‘lar, un mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, hayvon yemlari, qog‘oz, neft mahsulotlari, kimyoviy moddalar, dori-darmonlar va tibbiy materiallar ishlab chiqarish ham kiritilgan. Cheklovlar elektr uskunalari, transport vositalari, mebel ishlab chiqarish, ta’mirlash, mashina va uskunalarni o‘rnatish hamda boshqa faoliyat turlariga ham taalluqlidir.

Shu qatorda Rossiyaning Krasnador o‘lkasida yangi yildan to‘liq chet ellik ishchilardan foydalanish to‘xtatilishi ma’lum qilindi. Aytilishicha, hukumat kadrlar yetishmovchiligini mahalliy yoshlar bilan qoplamoqchi.

Mamlakat esa hamon urushga barham berishga shoshilgani yo‘q. Tahlilchilarga ko‘ra, hamma tomon Tramp kelishini undan keyin esa masalani bir yoqli qilishni kutmoqda.

Sardorbek Poyonov, Nishonboy Abduvoitov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.