Anjuman dunyo xalqlarida ezgulik tuyg‘ulari yuksalishiga xizmat qiladi

Mamlakatimiz jadal taraqqiyot yo‘liga o‘tgan bugungi kunda xalqimizning qadim tarixi, madaniyati, ma’naviyatini adabiyot orqali jahonga tanitish muhim vazifaga aylandi. “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etayotgan xorijlik taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlar, mohir tarjimonlar o‘zbek adabiyotining badiiy durdonalarini o‘rganib, ularni jahon xalqlariga yetkazish borasida qimmatli fikrlarni bildirmoqda.

O‘zA muxbirlari ulardan ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Abdulhakim Sha’riy JUZJONIY, olim (Shveysariya):

– O‘zbek tili qadim va buyuk tildir. Bu til lug‘at boyligi, grammatik va leksikologik jihatdan bemalol xalqaro til maqomiga da’vogarlik qila oladi. Chunki o‘zbek tilining ildizi juda ko‘hna davrlarga borib taqaladi. Ahmad Yugnakiy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib kabi qomusiy allomalarning til tarixi, qoidalari haqidagi asarlari o‘zbek tilining naqadar boy til ekanini ko‘rsatib turibdi. Hazrat Navoiyning shoh asarlari, Zahiriddin Boburning “Boburnoma”si, Mashrab, Muqimiy, Ogahiy g‘azallari bitilgan bu til chin ma’noda jahon tillari bilan bahslasha oladi.

Imdad AVSHAR, yozuvchi (Turkiya):

– Fan-texnika rivojlangan bir sharoitda adabiyot bo‘stonini badiiy so‘z va tarjima kuchi bilan himoya qilish ijodkorlarning burchi. Bugun zimmamizda zamondosh dunyoqarashi va ma’naviyatiga ta’sir etadigan mazmundor ijod namunalarini yaratish vazifasi turibdi. Ushbu nufuzli anjuman bizga bu boradagi kelgusi rejalarni belgilab olish imkonini bermoqda.

Turkiyada o‘zbekistonlik yozuvchi va shoirlar bilan adabiy aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonlik adiblarning she’r va hikoyalari Turkiya gazeta va jurnallarida muntazam chop etiladi. “Qardosh qalamlar” jurnalimizda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov singari atoqli shoir va yosh ijodkorlarning she’rlari keng yoritib kelinmoqda. O‘tkazilayotgan adabiy uchrashuvlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ulug‘bek YESDAVLAT, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi:

– Markaziy Osiyo xalqlarining ming yillik dostonlari va boqiy an’analari bor. Bugun mintaqa bo‘ylab adabiy aloqalar rivojlanish bosqichiga ko‘tarilgan. Yurtingizda o‘tayotgan konferensiya qardosh xalqlar adabiyoti va xalq og‘zaki ijodi namunalarini turli mintaqalardan kelgan olimlar va ijodkorlar bilan keng muhokama qilish imkonini bermoqda.

Qozog‘istonda o‘zbek adabiyotini o‘rganuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Darsliklarda Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va boshqa mutafakkirlar ijodi o‘rganilmoqda. Xalqlarimizning adabiy hamkorligi bizni yanada yaqinlashtiradi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Abay ijodiy merosini munosib baholab, yurtingizda uni yanada chuqurroq o‘rganishni targ‘ib qilish bo‘yicha qaror chiqargani bizni behad mamnun qildi.

Dilsora KOMIL, shoir, tarjimon (Kanada):

– O‘zbek adabiyotidagi jarayonlarni muntazam kuzatib boraman. O‘zbek mumtoz adabiyoti darg‘alarining asarlari Kanadada ham tarjima qilinmoqda. Ma’lumki, “Boburnoma” asari 20 dan ortiq tilga o‘girilgan. Ammo Markaziy Osiyo, Hindiston, Afg‘oniston, Eron mamlakatlarining tarixi, etnografiyasi va ijtimoiy-ma’naviy hayotini yoritib beruvchi bu bebaho asarni yana ko‘plab tillarga tarjima qilish ushbu mintaqalar tarixini yoritishda katta ahamiyatga egadir.

Yosh tarjimonlar asliyat tilini bilsa-da, ba’zan asar g‘oyasini to‘la ochib berolmaslik holatlari kuzatilmoqda. Ushbu konferensiya saviyasi yuqori bo‘lgan yosh tarjimonlarning shakllanishiga turtki beradi.

Abdulloh RO‘YIN, navoiyshunos olim (Afg‘oniston):

– Quddusdagi madrasada ta’lim olgan davrimda arab, fors, turkiy tillarni o‘rganganman. Shu davrlardan boshlab Navoiy asarlari meni o‘ziga rom etgan. Ulug‘ mutafakkir asarlariga bo‘lgan mehr-muhabbatim tufayli uning hayot yo‘li va ijodini chuqur o‘rgandim. Navoiy asarlari tilini tushunish uchun ko‘plab lug‘atlar bilan tanishdim. Shoir asarlarini arab tiliga tarjima qilib, ularni keng omma e’tiboriga havola etish izlanishlarimning asosiy maqsadiga aylandi.

Afg‘onistonda mening rahbarligimda Alisher Navoiy asarlari 28 jild kitob shaklida nashr etildi. Shoirning 32 asarini arab tiliga tarjima qildim. O‘ylaymanki, bu izlanishlarim Navoiy asarlarini, shuningdek, o‘zbek adabiyotini butun dunyoga targ‘ib qilishga ma’lum darajada hissa qo‘shadi.

Yurtingizda ushbu konferensiyaning tashkil etilishi adabiyotga, ayniqsa, mumtoz adabiyotga qaratilgan ulkan e’tiborning yaqqol namunasidir. O‘zbekistonda bir necha bor bo‘lganman. Yurtingiz yildan-yil chiroy ochib borayotganiga guvohmiz. Bu galgi tashrifimizda Imom Buxoriy, Amir Temur maqbaralari, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda ansambli kabi tarixiy qadamjolar, shuningdek, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishni dilimga tugdim. O‘ylaymanki, ushbu tashrif menda bir umrlik taassurot qoldiradi.

Azizuddin HUSAYN, Jamiya milliy islomiya markaziy universiteti professori (Hindiston):

– Hindiston davlat arxivida ishlagan kezlarimda Mirzo Boburning ijod namunalari bilan tanishib, ularning aksariyatini nashr ettirish ishlariga bosh-qosh bo‘ldim. Dunyoga ma’lum, Mirzo Bobur nafaqat buyuk siyosat arbobi, balki yetuk shoir sifatida mumtoz adabiyotda iz qoldirgan. Bugungi kunda Hindistondagi “Rampur” kutubxonasida “Bobur devoni” qo‘lyozmasi saqlanmoqda. Ushbu kitobning noyobligi shundaki, undagi ruboiylardan biri aynan Mirzo Boburning o‘z husnixatida bitilgan.

O‘zbekiston ulug‘ allomalar qadamjolariga boy yurt. Konferensiya oldidan Zangiota, Hazrati Imom ziyoratgohlari va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan tanishishga muyassar bo‘ldik. Mirzo Bobur devonining bir nusxasini mazkur kutubxonaga sovg‘a qildik. O‘ylaymanki, bu boburshunos olimlar va o‘zbek adabiyoti ixlosmandlariga muhim manba bo‘ladi.

Obaid Muhammad ABDULHALIM, Qohira universiteti professori:

– Yurtingizda ijodkorlarga yaratilgan imkoniyatlarga havas qildik. Misrliklar o‘zbek xalqining mumtoz siymolari va zamonaviy adiblarini yaxshi taniydi. O‘zim yoshligimdan Abdulla Qahhor ijodiga mehr qo‘yganman. O‘zbek adabiyotining muhim jihati, har bir buyuk asarda inson tarbiyasi yuqori o‘rinda turadi. Yurtingizda ilk marotaba tashkil etilayotgan mazkur anjuman xalqlarni adabiyot maydonida birlashishga, fikr almashishga chorlaydi.

Gopad CHARKAZYAN, shoir, tarjimon (Belarus Respublikasi):

– O‘zbek tilida yozilgan nodir asarlar ko‘p. Ularning aksariyati xorijiy tillarga tarjima qilingan. Shu o‘rinda o‘zbek mumtoz she’riyati va poeziyasining yorqin namoyandalari bilan birga zamonaviy shoir va yozuvchilarning ijodi keng o‘rganib kelinayotgani alohida ahamiyatga ega.

Igor SHPAK, “ADЕF” nashriyot uyi rahbari (Ukraina):

– Ushbu anjuman dunyo xalqlarida ezgulik tuyg‘ulari yuksalishiga xizmat qiladi. Men konferensiyada «Alisher Navoiy qalamiga mansub “Farhod va Shirin” dostonining ukrain tiliga tarjimasi va ushbu asarning xalqaro miqyosdagi o‘rni” mavzusidagi ma’ruzam bilan ishtirok etdim. Alisher Navoiy ko‘rsatgan yo‘l zamon va makon tanlamaydi. Shu bois uning asarlarini butun dunyoga, xususan, ukrain xalqiga mukammal holda yetkazish harakatidaman.

 

Dilobar Mamatova, Zuhra Mirzaboyeva, Abdulaziz Rustamov yozib oldi,O‘zA