Ma’lumki, yurtimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, mazkur sohaga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2025 yilgi Davlat byudjeti loyihasida ham byudjet xarajatlarining 52 foizi yoki 178 trln. so‘mi ijtimoiy soha xarajatlarini tashkil etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan 2025 yilgi Davlat byudjetiga oid qonun loyihasi muhokama qilinar ekan, deputatlar byudjet siyosatida aholi farovonligini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablag‘larning manzilliligini kuchaytirish va samaradorligini ta’minlash, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalarni har yilgi inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borilishi xalq vakillari tomonidan ijobiy baholandi.
Qayd etilganidek, Davlat byudjeti loyihasida kam ta’minlangan oilalarga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali to‘lanadigan nafaqalar bo‘yicha amaldagi mezonlarini takomillashtirish va nafaqalarning manzilliligini oshirishga doir ishlarni davom ettirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, Pensiya jamg‘armasiga pensiya va boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishni ta’minlash maqsadida jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy tafovutni (yetishmovchilikni) qoplash uchun davlat byudjetidan 18,5 trln. so‘m transfert mablag‘lari yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgani, 2025 yil yakuniga qadar esa 4,3 million pensiya oluvchilar va o‘rtacha pensiya miqdori 1 645,2 ming so‘mni tashkil etishi kutilayotgani alohida e’tirof etildi.
M.Komilova, O‘zA