Ozarbayjon poytaxti Bokuda boshlangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 29-konferensiyasi (COP29) birinchi kunida e’tibor global isish bilan bog‘liq “keskin” vaziyatga qaratildi.

O‘tgan yil anjumanga raislik qilgan Birlashgan Arab Amirliklari maxsus vakili – Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir dunyoni iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatiga qarshi birlashishga chaqirdi.

COP29 Prezidenti – Ozarbayjon ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Muxtor Boboyev iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni moliyalashtirish bo‘yicha muzokara “murakkab va qiyin” kechishidan xavotir bildirdi.

Konvensiya ijrochi kotibi Saymon Still ta’kidlashicha, a’zo mamlakatlarning kamida uchdan ikki qismi emissiyani tezroq kamaytirishi kerak: “Aks holda, har bir davlat qimmat tovon to‘laydi”.

Kunning yana bir muhim voqeasi – Jahon meteorologiya tashkiloti tomonidan COP29 doirasida e’lon qilingan hisobotda atmosferadagi issiqxona gazi doimiy ortib borishi sababli iqlim juda tez salbiy tomonga o‘zgarayotgani aytilgan. 2024 yil uzoq vaqt davomida yuqori harorat saqlanib, rekord darajadagi eng issiq yil qayd etildi.

– COP29 Ozarbayjonda tashkil etilishi o‘ziga xos ahamiyatga ega, – dedi Turkiya atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murod Qurum. – Tuzilmaning moliyalashtirish bo‘yicha yig‘ilishi ham shu mamlakatda o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, COP29 doirasida 100 ga yaqin davlat va hukumat rahbari ishtirok etadigan Jahon yetakchilari Iqlim sammiti (WLCAS) ham bo‘lib o‘tadi. Anjumanda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.