Shavkat MIRZIYOYEV,    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti:     Mumtoz she’riyatning porloq yulduzi

Ma’lumki, o‘zbek va tojik xalqlarini ko‘p asrlik umumiy tarix, madaniy-ma’naviy mushtaraklik birlashtirib turadi. Bizning urf-odatlarimiz, an’ana va qadriyatlarimiz, dinu diyonatimiz, kundalik hayot tarzimiz shu qadar yaqin va uyg‘unki, ularni bir-biridan ajratish deyarli mumkin emas.

Azaldan bir daryodan suv ichib, o‘zaro quda-anda tutinib, ko‘z-qoshdek yaqin qo‘shnichilikda yashab kelayotgan xalqlarimizning mustahkam do‘stlik rishtalari haqida so‘z borar ekan, hech shubhasiz, eng avvalo, ikki muazzam siymo — Sharq adabiyotining zabardast vakillari mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Alisher Navoiyning samimiy birodarlik munosabatlari yodga tushadi.

Aytish mumkinki, bu ulug‘ mutafakkirlarning bir-biriga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi va samarali ijodiy hamkorligi asrlar davomida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning, adabiy aloqalarimizning timsoli sifatida ziyolilarimiz, ayniqsa, yosh adiblarimiz uchun ibrat namunasi bo‘lib kelmoqda.

Abdurahmon Jomiy Alisher Navoiyning tariqatda piri, adabiyotda ustozi,hayotda eng yaqin do‘sti va maslakdoshi edi. Navoiy bu ulug‘ zot haqida cheksiz ehtirom bilan “Murshidu ustodu pir manga”, deya e’tirof etib yozgani bejiz emas.

Alisher Navoiyning AbduraHmon Jomiyga hurmati shu darajada baland ediki, u “Xamsa”ning barcha dostonlarida, shu bilan birga, “Nasoyimul-muhabbat”, “Majolisun-nafois” va boshqa ko‘plab asarlarida mehribon ustozining ezgu fazilatlarini chin dildan ta’rifu tavsif etadi. Jomiy vafotidan so‘ng unga bag‘ishlab “Xamsat ul-mutahayyirin” nomli maxsus asar yaratadi.

O‘z navbatida, Abdurahmon Jomiy ham Alisher Navoiy ijodini yuksak qadrlagani tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum. “Xiradnomai Iskandariy” dostonida Navoiyning iste’dodi va mahoratiga yuksak baho berib, “U Nizomiy Ganjaviy va Amir Xusrav Dehlaviy panjasiga munosib panja ura oldi, hatto ulardan ham o‘zib ketdi. Yaxshiyamki, u o‘z asarlarini turkiy tilda yaratdi, agar forsiyda qalam tebratganida bormi, boshqalarga bu maydonda javlon urish uchun majol qolmas edi”, deya madh etadi. Bu e’tirof mavlono Jomiy Navoiyning turkiyda yozgan asarlarini ham muntazam o‘qib, unga o‘z munosabatini bildirib borganidan dalolat beradi.

Insoniy maslagi va orzu-intilishlari bir bo‘lgan bu daho shoirlar hamisha el-yurtning dardu tashvishlari bilan yashash, odamlar, elatlar va xalqlar o‘rtasida ahillik va hamjihatlikni qaror toptirish, yuksak fazilatlarni tarannum etish kabi ezgu maqsadlarni hayot mazmuni deb bilganlar.

Agar Alisher Navoiy: “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”, deb yozgan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy asarlarida: “Yaxshilik bilan nom chiqar jahonda, Sevib yod etsinlar barcha zamonda”, degan olijanob g‘oya ustuvorligi ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Bu ibratli do‘stlik Alisher Navoiy vazir va yirik davlat arbobi sifatida faoliyat olib borgan yillarda ham izchil davom etdi. Bu davrda u ustozi Abdurahmon Jomiyning iltimoslariga binoan ko‘plab ilm va ijod ahliga homiylik ko‘rsatdi, iste’dodli yoshlarni o‘z qanoti ostiga oldi.

Ma’lumki, Abdurahmon Jomiy 1437 yilda — yigirma ikki yoshida Samarqandga keladi va olti yil mobaynida Ulug‘bek Madrasasida tahsil oladi. Bu qutlug‘ dargohda u Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Fazlulloh Abullays singari mashhur mudarrislardan turli dunyoviy va diniy ilmlarni puxta o‘rganadi. Qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etib, o‘zining noyob iqtidori bilan keng taniladi.

Abdurahmon Jomiy naqshbandiya tariqatining yirik shayxi Xoja Ahror Valiy bilan ham do‘stona munosabat o‘rnatadi. Hazrat Jomiy aynan shayx bilan muloqot qilish maqsadida keyinchalik yana ikki marta Samarqandga kelgani, uning taklifiga binoan Toshkent shahridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgani manbalarda qayd etilgan.

Ayni paytda dunyo adabiyoti va madaniyatini Abdurahmon Jomiyning ulkan badiiy merosisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, buyuk nemis mutafakkiri Iogann Volfgang Gyote o‘zining mashhur “G‘arb va Sharq devoni” asarida yozganidek: “Jomiy asrlar mahsulini yig‘ib, butun diniy, falsafiy, ilmiy, nasriy, nazmiy madaniyat xulosalarini yakunlab bergan edi. U mumtoz she’riyatning porloq yulduzi edi”.

Abdurahmon Jomiy asarlarini xalqimiz hamisha sevib mutolaa qilib keladi. Bu o‘rinda, Alisher Navoiydan boshlab Zahiriddin Muhammad Bobur, Ubaydiy, Amiriy, Nodira, Uvaysiy, Munis, Ogahiy, Muqimiy, Furqat va Zavqiy singari mumtoz adabiyotimizning yirik vakillari Jomiy g‘azallariga muxammaslar bog‘lab, asarlariga sharhlar yozganini eslab o‘tish kifoya, deb o‘ylayman.

Bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida Abdurahmon Jomiyning 46 nomdagi asarining 550 dan ziyod qo‘yozma nusxalari saqlanayotgani ham shoir ijodi asrlar davomida xalqimizning bebaho ma’naviy xazinasiga aylanganidan dalolat beradi.

Abdurahmon Jomiyning ulkan falsafiy ma’noga ega bo‘lgan “Bu bo‘stonda do‘stlar etmasa ko‘mak, Mushkul erur maqsad gulini termak”, “Bulutday bo‘lishni aylagil havas, Birday bahramanddir undan gulu xas”, “Ustod, muallimsiz qolsa gar zamon, Nodonlikdan qora bo‘lardi jahon”, “Mansab bilan balandmas odam, Mansab odam bilan muhtaram” singari ko‘plab go‘zal hikmatlari xalqimiz orasida juda mashhur bo‘lib, asrlar osha el-yurtimizning dilida va tilida yashab kelmoqda.

Shoir qalamiga mansub g‘azal va ruboiylar, dostonlar turli davrlarda Ogahiy, Habibiy, G‘afur G‘ulom, Chustiy, Ulfat, Boqir, Anisiy, Shoislom Shomuhamedov, Nazarmat, Jonibek Quvnoq, Mirzo Kenjabek, Sirojiddin Sayyid, Ergash Ochilov kabi taniqli shoir va tarjimonlarimiz tomonidan yuksak mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan va yurtimizda qayta-qayta yirik adadlarda nashr etib kelinmoqda.

Atoqli mutafakkir Abdurahmon Jomiy xotirasiga yurtimizda munosib hurmat ko‘rsatilib, ayni paytda bir qancha ko‘chalar, mahalla va kutubxonalar shoir nomi bilan ataladi. Samarqand shahrining go‘zal maskanlaridan birida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy siymolari tasvirlangan haykal qad rostlab turibdi.

Bugun O‘zbekistonning tashqi siyosatida, eng avvalo qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqsa. O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ulug‘ alloma va adiblarimiz boshlab bergan birodarlik an’analari, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik rishtalari bugungi hayotimizda yangicha mazmun bilan boyib borayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Biz qardosh tojik xalqi Tojikiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Emomali Rahmon rahbarligida hozirgi murakkab zamonda og‘ir sinovlarni yengib, hayotning turli jabhalarida katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotganini yuksak baholaymiz, do‘stlarimiz erishayotgan yutuqlardan quvonamiz. Zotan, et bilan tirnoqdek jipslashib ketgan o‘zbek va tojik xalqlarini hech qachon bir-biridan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 1,5 milliondan ortiq tojiklar istiqomat qilmoqda. Yurtimizda ta’lim tojik tilida olib boriladigan 240 ga yaqin maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Samarqand, Termiz va Farg‘ona davlat universitetlarida tojik tili ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ularning barchasi tojik tilidagi darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlangan.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona viloyatlari teleradiokompaniyalari tomonidan tojik tilida muntazam ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda.

“Ovozi tojik” respublika gazetasi, “Ovozi Samarqand” viloyat gazetasi, “Sadoi So‘x” tuman gazetasi tojik tilida nashr etilmoqda. Bulardan tashqari, bir qator tuman nashrlarida tojik tilida doimiy ravishda sahifalar e’lon qilinmoqda.

Mamlakatimizda faol ish olib borayotgan Respublika tojik milliy madaniy markazi o‘z tarkibiga Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Jizzax viloyatlari, Toshkent va Chirchiq shaharlaridagi milliy madaniy markazlarni birlashtirgan. Tojik xalqining boy tarixi va madaniyati, tili, urf-odat va an’analarini saqlash va rivojlantirish maqsadida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan ushbu madaniy markazlar davlatimiz va hukumatimiz tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.

Mustaqillik yillarida 700 nafardan ziyod tojik millatiga mansub yurtdoshlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani ham tojik birodarlarimizning barcha sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, el-yurtimizning hurmat va e’tiboriga sazovor bo‘lib kelayotganidan dalolat beradi.

Albatta, ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlashda adabiy aloqalarning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini biz yaxshi anglaymiz. Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlikning eng yorqin namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘ylaymanki, asrlar osha ikki qardosh xalq qalbida bezavol yashab kelayotgan Abdurahmon Jomiy asarlarining o‘quvchilarga taqdim etilayotgan mazkur yangi nashri bu yo‘lda yana bir muhim qadam bo‘ladi.

Men ulug‘ mutafakkirning “Muhabbat maxzani” deb nom olgan muhtasham nashrini ona tilimizda adabiyot ixlosmandlariga taqdim etishni o‘zim uchun katta sharaf deb bilaman.

Mavlono Abdurahmon Jomiy ijodidan go‘zal durdonalar jamlangan mazkur kitob o‘zbek xalqining yaqin qo‘shnimiz va do‘stimiz bo‘lmish Tojikiston xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga, yorug‘ kelajagiga bo‘lgan hurmati va ishonchining yorqin ifodasidir.

Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

A’lo Abdullayev (surat), O`zA