O‘zbekiston: yangilanish va modernizatsiya yo‘lida

So‘nggi bir yarim yilda Toshkentda amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib hayratda qoldik. Endilikda Toshkent ko‘chalarida Tojikiston va Qirg‘iziston davlat raqamiga ega mashinalarni uchratish mumkin. Ilgari bu hatto aqlga sig‘masdi. Yopilgan yo‘llar yana ochilib, odamlarning uzog‘ini yaqin qilmoqda. Bu jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston hayotidan ayrim misollar xolos.

Shubhasiz, bu biz uchun mutlaqo kutilmagan hodisa deb aytolmaymiz. Chunki biz Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozongan 2016 yilgi Prezident saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etganmiz. O‘shanda ham o‘zgarishlar nafasi ufurib turgan edi.

Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimida qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldik. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mamlakatni isloh qilishning strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi. O‘shanda uning valyutani erkin konvertatsiya qilishni joriy etish, sud-huquq sohasida islohotlarni amalga oshirish, barcha mansabdor shaxslarning hisobdorligini kuchaytirish, yaqin qo‘shnilar bilan yangi tashqi siyosatni shakllantirish kabi tashabbuslari bizni to‘lqinlantirib yuborganini yaxshi eslayman.

Biroq, buning uchun ezgu maqsadlarning o‘zi kifoya emas. Dunyo tajribasidan ma’lumki, modernizatsiyani mustahkam qonunchilik asosi, jamoat va davlat apparatining islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi kuchlarini birlashtirmasdan turib bularni amalga oshirib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham G‘arbda ko‘pchilik xulosa chiqarishga shoshilmay, keyinchalik nima bo‘lishini kuzatishni afzal ko‘rdi.

Ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonni tadqiq qilish bilan shug‘ullanayotgan biz, amerikalik ekspertlar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning borishini “qayd etish” muhim edi. Tan olish kerak, bu oson bo‘lmadi, chunki O‘zbekistondagi islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab oldi. Ayrim tashabbuslar qonunchilik hujjatlari, ayrimlari Prezident farmonlari, boshqalari amaliy o‘zgarishlar shaklida hayotga tatbiq etilgani muayyan qiyinchilik tug‘dirdi. Lekin Toshkentdagi do‘stlarimiz tufayli yangi hukumat tomonidan chiqarilgan barcha hujjatlar to‘g‘risida ma’lumot oldik.

Barcha jihatlarni astoydil o‘rganib chiqib, shuni ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlar haqiqatan ham jahondagi barcha standartlarga javob beradigan dadil va qat’iy islohotlar dasturini ifoda etadi.

Buni e’tirof etgan holda, “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” deb nomlangan kitob chiqarishga qaror qildik. Maqsadimiz oddiy edi. Biz shunchaki G‘arb o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasining muhim jihatlarini ochib bermoqchi edik.

Asosiy maqsadimiz xorij auditoriyasi uchun islohotlarning o‘ziga xos sharhini yozib berish bo‘lib, kitob o‘quvchilarga mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni baholash, O‘zbekiston qayerga va qay tarzda harakatlanayotganini tushunishga yordam berishini istagan edik.

G‘arbda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yaxshiroq anglashlari g‘oyat muhim. Fikrimizcha, u yerda hukumat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlayotgan, tashqi va ichki siyosatdagi eski yondashuvlarni izchil tuzatishga olib kelayotgan jarayonlar mohiyatini to‘liq anglab yetmayapti.

Tashrif davomida biz birinchi qo‘ldan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziridan mamlakatdagi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldik. Muhtasham binoda joylashgan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, ta’lim standartlarini oshirishga qaratilgan o‘ta muhim o‘zgarishlar ro‘y berayotgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo‘ldik.

Talaba va olimlar bilan suhbatlashib, O‘zbekiston yoshlari islohotlarning barcha yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlayotganiga amin bo‘ldik. Bundan tashqari, yosh avlod ushbu jarayonning bevosita ishtirokchisi bo‘lishga intilmoqda.

Oradan bir yarim yil o‘tib Toshkentga yana qadam qo‘yarkanmiz, bu yerdagi ulkan islohotlar dasturi istiqbollarini qanday baholamoqdamiz? Taassurotlarimiz ilmiy isbotlar o‘rnini bosa olmaydi, albatta. Lekin o‘zbekistonlik yosh ishbilarmonlar bir yil avval amalga oshirishning imkoni ham bo‘lmagan loyihalar ustida ishlayotganini aytganda juda hayratlandik. Taksi haydovchisi mevalarni Qozog‘istonga eksport qilish uchun hamkor qidirayotgan akasi, do‘kon sohibi Farg‘ona vodiysining Tojikiston bilan chegaradosh hududidagi qarindoshlari bilan diydor ko‘rishgani haqida so‘zlab berdi.

Albatta, hech narsa bir zumda o‘zgarmaydi. Bizga tasodifan uchragan bir keksa odam eski odatlardan qutulish oson bo‘lmasligini ta’kidladi.

Olgan taassurotlarimiz asosida kelajakni bashorat qilishning iloji yo‘q. Biroq biz muloqot qilgan odamlarning barchasi ijobiy kayfiyat bilan yashayotgani nafaqat kishining zavqini keltiradi, balki ko‘p narsadan dalolat beradi ham. Albatta, bunday umid uchun asos bor.

Hujjatlarni o‘rganib chiqib, barcha islohotlar O‘zbekiston rahbariyatining bir lahzalik shijoati emas, puxta o‘ylangan loyihasi bo‘lganini anglab yetdik. Islohotlar boshlangani ilojsizlik alomati emas, balki kudrat belgisi ekanini ham ta’kidlash zarur. O‘zbekistonga qo‘shni barcha mamlakatlar islohotlar dasturini yoqlab, Toshkent tufayli erishilgan yangi mintaqaviy siyosatni qabul qilmoqda.

Shu jihatdan, O‘zbekiston tashabbusi bilan yaqinda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. BMTning bu qarori Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy muammolarni mustaqil ravishda hal qilishga tayyor ekani, ushbu hudud buyuk davlatlar uchun raqobat maydoni emas, balki hamkorlik mintaqasiga aylanganini ko‘rsatmoqda.

Eng asosiysi, biz hozirgi kunda biznes sohasida va hukumatda mas’ul lavozimlarni egallab turgan o‘zbekistonlik yoshlarning aksariyati bilan shaxsan tanishmiz. Bu bizga O‘zbekiston va, umuman, butun Markaziy Osiyo mintaqasi kelajagi xususida ishonch va nekbinlik bilan so‘z yuritish imkonini beradi.

Frederik STARR,
Amerika tashqi siyosat kengashi huzuridagi
Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi.
 
Svante KORNЕLL,
Amerika tashqi siyosat kengashining
Yevroosiyo masalalari bo‘yicha katta ilmiy xodimi.

 

O‘zA