11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida 11 noyabr – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati vakillari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, uning hududiy kengashlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari, hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar, Xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalari, xorijiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotlari rahbar va mutasaddilari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari faxriylari va faollari hamda turli sohada faoliyat ko‘rsatayotgan mehnatkashlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan tantanali bayram tadbiri yosh iste’dodlar ijrosidagi Vatan, tinchlik, mehnatkashlar va xalqlar do‘stligini madh etuvchi kompozitsiya bilan davom etdi.
Tantanali tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha jabhalarida birdek olib borilayotgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar hamda yangilanishlar, ularning salmoqli natijalari alohida ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan qisqa vaqt ichida xalqimiz farovonligini oshirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekiston nufuzini dunyo miqyosida yuqori pog‘onaga ko‘tarish borasida salmoqli natijalarga erishilgani, ushbu yutuqlar bugun jamiyat hayoti va xalqimiz turmushidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘layotgani qayd etildi.
Inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ulkan va tizimli ishlar davlatimiz va jamiyatimizni taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi. Yangi O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari va qo‘lga kiritayotgan natijalari bugun xalqaro miqyosda ham tan olinib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Yangilanishlar, aholining turli toifalari, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida O‘zbekiston aholisining ijtimoiy-siyosiy faolligi va tashabbuskorligi ortib, yangi marralar sari olg‘a intilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida mamlakatimiz kasaba uyushmalari faoliyati yangi rivojlanish bosqichiga kirdi. Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari yurtimizdagi islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlardagi faollikni yanada oshirib, turli soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu jamoat tashkiloti axborot xizmatiga ko‘ra, bugun xalq tashkilotiga aylangan kasaba uyushmalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan Bosh jamoa kelishuvi, amaldagi 102 ta tarmoq kelishuvi hamda 118 mingga yaqin jamoa shartnomalari orqali mehnatkashlar va ular oila a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori standartlariga ish beruvchilar tomonidan rioya etilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib bormoqda. Kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 3 ming 95 ta tashkilotda jamoatchilik nazorati amalga oshirildi.
Kelib tushgan 4 ming 20 ta murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra jami 62 ming 656 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga qariyb 61,5 milliard so‘m mablag‘ undirib berildi. 2023 yilning o‘zida kichik biznes sub’ektlari va xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 311 ming nafar, 2024 yilning 9 oyi davomida esa qariyb 13 mingga yaqin korxona va tashkilotda mehnat qilayotgan 323 ming nafarga yaqin xodim kasaba uyushma a’zoligiga jalb etildi.
Kasaba uyushmalarining xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi ishlari ham sifat va miqdor jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan o‘tgan yil Surxondaryo viloyatidagi tog‘lar bag‘rida yangi va zamonaviy “Sangardak” sanatoriysi barpo etilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda Xorazm viloyatida xalqaro standartlarga mos bo‘lgan 200 o‘rinli “Xonqa” sanatoriysi qurilib, mehnatkashlar ixtiyoriga topshirildi.
Bu kabi bunyodkorlik ishlari natijasida 2017 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriy va dam olish uylarida mavjud 5 ming 257 ta o‘rin soni bugunga kelib 7 mingtaga yetkazildi. Yana bir ahamiyatli jihati, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimida yangidan bunyod etilayotgan sanatoriylar va ulardagi xizmat ko‘rsatish darajasi sifat jihatidan nafaqat mahalliy, balki xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuksak baholanmoqda.
Sanatoriylarda joriy yilning shu buguniga qadar 160 ming nafardan ortiq aholi sog‘lomlashtirildi. 190 ta statsionar turdagi oromgohda esa qariyb 162,5 ming nafar bola dam oldirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish yo‘nalishidagi ishlarda faol ishtirok etayotgan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga va kasaba uyushmalari faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ehtirom nishoni” bilan taqdirlandi. Sovrindorlarga “Ehtirom” nishoni, pul mukofoti va guvohnomalar topshirildi.
Shundan so‘ng ko‘p yillik samarali mehnati, erishgan alohida yutuqlari bilan sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, shuningdek, kasaba uyushmalarining nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz va xalqaro hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati” mukofotining 2024 yilgi sovrindorlariga ushbu mukofot tantanali ravishda topshirildi.
Kasaba uyushmalari faoliyatini takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz qatorida Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi direktori Mariya Xelena Andre, Gruziya kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi raisi Irakliy Petriashvili, “Turk-iş” (“Turk ish”) kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi prezidenti Ergun Atalay ham “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA