2013 yil BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasida 2 noyabrni “Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni” sifatida e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Hujjat tashkilotga a’zo davlatlarni jazosizlikka qarshi aniq choralar ko‘rishga chaqiradi. Bu sana o‘sha yil 2 noyabr kuni Malida o‘ldirilgan ikki fransuz jurnalisti xotirasiga tanlangan.

Ushbu muhim rezolyutsiya jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan har qanday hujum yoki zo‘ravonlik harakatini qoralaydi. Bundan tashqari davlatlarni jurnalistlar mustaqil va ortiqcha aralashuvsiz faoliyat yuritishi uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishga chaqiradi.

UNESCO Bosh direktorining 2022 yil chop etilgan “Jurnalistlar xavfsizligi va jazosizlik muammosi to‘g‘risida”gi hisobotida Lotin Amerikasi va Karib havzasi hamkasblarimizga nisbatan qotillik eng ko‘p sodir etiladigan mintaqa ekani ta’kidlangan.

1993 yildan beri jami 1700 dan ko‘p jurnalist o‘ldirilgan. UNESCO tomonidan olib borilgan tahlilga ko‘ra, har 10 shunday qotillikning 9 tasi, afsuski, sud tomonidan ochilmagan. Jazosizlik esa qotillik ko‘payishi, mojarolar kuchayishi va qonun hamda sud tizimi buzilishi alomati hisoblanadi.

Suiqasd OAV senzurasining eng ekstremal shakli bo‘lsa-da, jurnalistlar o‘g‘irlash, qiynoqqa solish va boshqa turli jismoniy hujumlardan tortib, ayniqsa, raqamli sohadagi ta’qibga qadar, son-sanoqsiz tahdidlarga ham tez-tez duchor bo‘lishadi. Ayniqsa, zo‘ravonlik va hujum tahdidi OAV xodimlarida qo‘rquv paydo qilib, barcha fuqarolar uchun erkin axborot, fikr va g‘oya oqimiga to‘sqinlik qiladi. Xotin-qiz jurnalistlar tahdidga, jumladan onlayn amalga oshiriladigan hujumga qulay nishon hisoblanadi. UNESCO yaqinda e’lon qilgan munozarali maqolada jurnalist ayollarga nisbatan onlayn zo‘ravonlikning global tendensiyasi mavjudligi ta’kidlanib, so‘rovda qatnashgan  ayol hamkasblarimizning 73 foizi faoliyati bilan bog‘liq ravishda onlayn tahdid, qo‘rqitish yoki haqoratga duchor bo‘lganini aytgan.

Ko‘p hollarda mazkur muammo bilan bog‘liq voqealar yetarli tekshirilmaydi. Bunday jazosizlik jinoyat sodir etganlarga erkinlik beradi, shu bilan birga jamiyatda, jumladanjurnalistlarning o‘zida ham qo‘rquv hissini shakllantiradi.

“Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni” doirasidagi bu yilgi asosiy tadbirlar 2024 yil 6-7 noyabr kunlari Afrika Ittifoqining Addis-Abeba (Efiopiya) qarorgohida bo‘lib o‘tadi va asosiy e’tibor inqiroz hamda favqulodda vaziyatlarda jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash mavzusiga qaratiladi.

M.Pirmatova, O‘zA