Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda parlament a’zolari, Davlat bojxona qo‘mitasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

“Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonun 1997 yilda qabul qilingan bo‘lib, uning ko‘pgina normalari bugungi kun talablariga javob bermaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan ustuvor vazifalar, o‘zgarib borayotgan shart-sharoit va standartlar uni yangi tahririda qabul qilishni taqozo etmoqda.

“Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunning yangi loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan. Bugungi kunda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi uni ikkinchi o‘qishga tayyorlamoqda.

Yig‘ilishda yangi qonundan ko‘zlangan maqsadlar, uning mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi, loyihani maromiga yetkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar keng muhokama qilindi. Loyihani ikkinchi o‘qishda muhokama qilish uchun tez kunda Qonunchilik palatasining yalpi majlisiga kiritish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA