O‘zbekistonning jahon maydonida yangilangan imidjini shakllantirishda yangi bosqich

S.Safoyev
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senati raisining
 birinchi o‘rinbosari
Avval xabar qilinganidek, 26 iyul kuni Vashington shahrida diniy erkinliklarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Unda 80 mamlakatdan 600 nafardan ortiq tashqi siyosiy idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, diniy yetakchilar va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi. Ushbu tadbir keng xalqaro jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining diqqat-e’tiboratida bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari anjuman ishtirokchilarga mamlakatimizda diniy erkinliklar, konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni ta’minlash borasida qo‘llanilayotgan yangi yondashuvlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot yetkazdi. Ushbu soha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevtomonidan amalga oshirilayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotining barcha jihatlariga daxldor bo‘lgan keng miqyosli islohotlar dasturining muhim va uzviy yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining ma’rifatli islom g‘oyalarini targ‘ib qilish, O‘zbekistonda Imom Buhoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Islom akademiyasini tashkil etish borasidagi tashabbuslari to‘g‘risidagi axborot katta qiziqish bilan tinglandi.
E’tiborlisi, O‘zbekiston mazkur forumda din erkinligi kabi insonning fundamental huquqini izchil ta’minlayotgani uchun yuksak bahoga sazovor bo‘lgan yagona mamlakat bo‘ldi.
AQSH Davlat kotibi M.Pompeo forum ochilishida e’tiqod erkinligi taraqqiy etgan mamlakatda rivojlanish bo‘lishini ta’kidlab, “O‘zbekiston bunga misoldir, biz O‘zbekiston tomonidan yanada erkin jamiyat barpo etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qutlaymiz”, deb alohida qayd etdi.
AQSH tashqi siyosiy idorasi rahbarining fikricha, O‘zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan bunday nozik sohada olib borilayotgan siyosat muhim xalqaro ahamiyatga ega. “Biz O‘zbekistonda diniy erkinliklar masalalarida qabul qilingan qarorlar mamlakatga, uning jamoatchiligiga hamda butun mintaqaga izchil ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga qat’iy ishonamiz”, dedi M.Pompeo.
Anjumanda bugungi kunda jahonda diniy erkinliklarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi to‘g‘risida ko‘p so‘z yuritildi. E’tiqoderkinligi insonning asosiy huquqi ekani, ushbu huquq buzilgan joyda radikallashuv va zo‘ravonlik yuzaga kelishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, forumda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 83 foizi e’tiqod erkinligi cheklanayotgan yoki xavf ostida qolgan mamlakatlarda istiqomat qilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasining konferensiyada ishtiroki doirasida AQSH Milliy matbuot klubida “O‘zbekistonda diniy erkinliklarning yangi davri” mavzuida maxsus brifing tashkil etildi. Brifing ommaviy axborot vositalari va ekspertlar hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir ishtirokichlariga mamlakatimizda diniy erkinliklarni ta’minlash va ma’rifatli islom g‘oyalarini targ‘ib qilish, jamiyatning dunyoviy hususiyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida keng axborot taqdim etildi. O‘zbekistonda 140 millat va 16 konfessiya vakillari tinch-totuv bo‘lib istiqomat qilayotgani, ular mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
Brifingda so‘zga chiqqa Global jalb etish instituti prezidenti J.Chen bugungi kunda turli mamlakatlar vakillari asosan diniy ta’qiblar kuchayib borayotgani va butun dunyoda erkinliklar cheklanayotganini bildirayotganini ta’kidladi. Bunday sharoitda mazkur sohada “O‘zbekiston yagona umid uchquni va hushxabarlar manbaiga aylanmoqda”, dedi u.
Oq uy vakili J.Kolbert brifingda “Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimidagi faoliyatini boshlaganidan buyon O‘zbekiston inson huquqlarini ta’minlash, bolalar mehnatiga barham berish, ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi islohotlarni amalga oshirish va jamiyatni yangi g‘oyalar sari ilhomlantirishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi”, deb ta’kidladi. Uning aytishicha, 2018 yilgi O‘zbekiston e’tiqod erkinligini ta’minlash kabi kompleks masalani hal qilish uchun siyosiy irodaga ega davlat modeli bo‘lib xizmat qiladi.
«Ushbu yangilanishlar nafaqat mustahkam ijtimoiy barqarorlik, balki respublikaning Amerika biznesi uchun investitsion jozibadorligini oshirishga imkon bermoqda”, deb alohida qayd etdi J.Kolbert.
Bu fikrni taniqli siyosat arbobi, Diniy erkinliklar sohasidagi alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi S.Braunbek ham tasdiqladi. Uning fikricha, investitsiyalarni jalb etish bilan bog‘liq ko‘plab muammolar, avvalo, kompaniyalar inson huquqi buzilayotgan mamlakatlarda biznes yuritish orqali o‘z obro‘siga zarar yetkazishdan hayiqishi bilan izohlanadi. “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” shakllanayotgan bugungi kunda AQSH va butun dunyo ishbilarmon doiralarini mamlakatga jalb etish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar vujudga keldi, deydi u
“Aynan bugun AQSH kapitali bozorlariga chiqish va mablag‘larni jalb etishda faol ishtirok etish fursati keldi”, deb ta’kidladi S.Braunbek.
Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi K.Lemm ushbu fikrni tasdiqlar ekan, bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston Respublikasning din erkinligi masalalari bo‘yicha ilk konferensidagi ishtirokiga yuksak baho berdi. Uning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasining ushbu muhim xalqaro forum ishida ishtirok etish uchun taklif etilgani, ma’ruzalarda aynan O‘zbekistan ushbu sohada islohotlar amalga oshirishning ijobiy misoli sifatida tilga olingani “mamlakat reytingini oshirishda ustuvor ahamiyatga ega hamda O‘zbekiston Respublikasining rivojlanishi, shu jumladan investitsion jozibadorligining ortishiga albatta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining diniy erkinliklar bo‘yicha ilk bor o‘tkazilgan bu kabi xalqaro konferensiyada ishtiroki mamlakatimizning xalqaro maydonda yangi qiyofasi shakllangani hamda mamlakatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqladi.

 

O‘zA