Bolalarni onlayn muhofaza qilish Yevrokomissiya kun tartibiga qo‘yilarkan, Yevropa Ittifoqi maxfiylikni himoya qilgan holda foydalanuvchilar yoshini qanday qilib aniq nazoratga olish mumkinligi haqida bosh qotirmoqda.
Shu oy Fransiyada onlayn yoshni tekshirish va turli 18+ saytlarni taqiqlash bo‘yicha yangi ko‘rsatma chiqdi va so‘nggi kunlarda YeI voyaga yetmaganlarni muhofazasini “birinchi navbatdagi vazifa” etib belgiladi. Hozircha yoshni tekshirish masalasi ko‘tarilib, ushbu muammoni 2026 yil internetga ulanishi rejalashtirilgan hamyon bilan hal qilish rejalashtirmoqda.
Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat hozir yoshga doir qoida belgilashda erkin. Ya’ni, hozircha bu borada ma’lum standart yo‘q.
Tez kunda Ispaniyada kattalar veb-saytiga kirmoqchi bo‘lganlar kamida 18 yoshdaligini isbotlashi, kirish huquqini qo‘lga kiritish uchun milliy ID hisob ma’lumotini yozib oladigan “Cartera Digital Beta” hamyonidan foydalanishi lozim bo‘ladi. Ma’lumot maxfiyligini saqlashga jiddiy e’tibor qaratilgan holda ishlab chiqilgan tizim dastlab faqat mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlar uchun amal qiladi.
2025 yildan boshlab Italiyada ham “Kayvano qarori” deb ataluvchi loyiha ishga tushadi va foydalanuvchilardan behayo yoki qimorni targ‘ib qiluvchi saytlarga kirishda yoshni tekshirish uchun SPID milliy raqamli identifikatsiya tizimidan foydalanish talab qilinadi.
Ayni payt Fransiyada “Ha, men 18 yoshdan oshganman” yoki “Yo‘q, men 18 yoshdan kichikman” kabi so‘rovnomalarni to‘ldirish lozim. Oktyabr oyida mamlakatning Audiovizual va raqamli aloqani tartibga soluvchi idorasi bolalar shaxsiy hayotini ta’minlash bilan birga onlayn rejimini himoya qilishga mo‘ljallangan yangi ko‘rsatma joriy etdi. Bunda ota-ona nazorati dasturi orqali kattalar veb-saytini aniqlashni takomillashtirish va yuzni tanib olish asosida foydalanuvchi yoshini baholash maqsadida sun’iy intellektdan foydalaniladi. Darvoqe, yaqinda ushbu davlatda xorijiy 18+ veb-saytlar yoshni tekshirishning minimal talabiga ham javob bermagani uchun yopilgan edi.
Irlandiyada “Bolalarni himoya qilish” qonuni loyihasi hozir parlamentda muhokama qilinmoqda. Agar hujjat tasdiqlansa, kattalar uchun kontent taqdim etuvchi saytlar va ilovalardan foydalanuvchining yoshini tasdiqlovchi hujjat talab qilina boshlaydi.
Yoshni tekshirish tizimini soddalashtirish
YeI voyaga yetmaganlarni “onlayn xuruj”dan himoya qilish uchun yosh “verifikatsiyasi” tizimini rivojlantirishga harakat qilmoqda. Kelasi yil fevral oyida to‘liq kuchga kiradigan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun va Audiovizual media xizmat to‘g‘risidagi direktiva voyaga yetmaganlarni zararli kontentdan himoya qilishga qaratilgan. Ma’lumotni asrash bo‘yicha umumiy qoidalar esa shaxsiy sir xavfsizligini ta’minlaydi. Ayni payt YeI kengashida muhokama qilinayotgan “Bolalarni jinsiy zo‘ravonlikka targ‘ib qiluvchi materiallar” to‘g‘risidagi tavsiya etilgan reglament ham, agar tasdiqlansa, onlayn kontentni kerakli darajada cheklay oladi.
Yevropa Ittifoqi rasmiysi oy boshida jurnalistlarga YeI raqamli hamyonini yaratish rejasi bolalarni onlayn himoya qilish uchun ishlab chiqilganini aytdi.
Hamyon ilovasi foydalanuvchining haydovchilik guvohnomasi, kredit kartasi va boshqa hujjatlarni bir joyda jamlaydi. Bu esa foydalanuvchidan aniq yoshini tasdiqlash yoki ma’lum bir yosh oralig‘ida ekanini isbotlashni talab qiladi. “Bu majburiy emas, ammo COVID sertifikati kabi, standartga aylanadi”, dedi rasmiy.
Musulmon Ziyo, O‘zA