Xitoyning uch kishilik ekipaj boshqaruvidagi fazoviy kemasi olti soatdan ortiq davom etgan parvozdan so‘ng yerga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Koinotga safar qilgan yoshlardan iborat jamoa tarkibida mamlakatning birinchi ayol kosmik muhandisi ham bor edi.

Pekin 2030 yilgacha Oyga o‘z fuqarosini joylashtirish bo‘yicha yakuniy missiya uchun tajriba to‘plamoqda. Maxsus ekipaj mahalliy fazo stansiyasidan olti oy davomida sinov o‘tkazish va samoga ko‘tarilish uchun baza sifatida foydalanadi.

Pekin “Shenjou-19” parvozi “to‘liq muvaffaqiyatli o‘tdi” deb e’lon qildi. Bu XXRning asosiy raqibi Qo‘shma Shtatlardan fazoni o‘rganish bo‘yicha o‘zib ketish rejasiga kiritilgan rekord darajadagi 100 kosmik amaliyotdan biridir.

– Osmonga o‘rlagan raketa alangasining yog‘dusi Gobi cho‘lini yoritib, shovqini kishini kar qiladigan darajada gumburladi, – deb yozdi jarayonda qatnashgan BBS muxbiri. – Parvoz payti yuzlab odamlar ko‘chada saf tortdi, astronavtlar ismi yozilgan bannerlarni ko‘tarib, hayqirishdi.

Ikki yil oldin XXR Raisi Si Szinpin “keng koinotni o‘rganish, kosmik sanoatni rivojlantirish va Xitoyni fazoviy davlatga aylantirish bizning abadiy orzumiz”, degandi.

Joriy yil boshida NASA rahbari Bill Nelson AQSH va Xitoy Oyni egallash uchun “poyga” qilayotganini ta’kidladi va Pekinning samoviy hududlar bilan bog‘liq da’volaridan jiddiy xavotir bildirdi.

Musulmon Ziyo, O‘zA