1923 yil 24 iyulda Lozanna shartnomasi imzolangandan so‘ng Turkiya mustaqqilligi tan olingan edi. Shu yil 25 oktyabrda hukumat iste’fo berdi va mamlakatda siyosiy inqiroz boshlandi. Ushbu vaziyatdan Mustafo Kamol Otaturk foydalandi. 29 oktyabr kuni mamlakat rasman respublika sifatida e’lon qilindi, Yashirin ovoz berishda barcha 158 deputat Otaturkni mamlakatning birinchi prezidenti etib sayladi. 1925 yil 19 aprelda Turkiya parlamenti 29 oktyabrni milliy bayram etib belgiladi.
Turkiya Respublikasi unitar davlat hisoblanadi, hududining 97 foizi G‘arbiy Osiyoda, 3 foizi Janubiy Yevropada. 783 562 kvadrat/kilometrni tashkil etadigan bu maydon yirikligi bo‘yicha dunyoda 19-ko‘rsatkich. Aholi soniga ko‘ra, Trkiya 36-o‘rinda. Mamlakat 14 davlat bilan chegaradosh.
Turkiya tez va barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega sanoatlashgan davlat. 1952 yildan NATO, 1949 yildan Yevropa Kengashi a’zosi, 1999 yildan buyon Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun rasmiy nomzod.
Turkiyada bayramlar ko‘p, lekin bu xalq 29 oktyabr – Respublika kunini haqiqiy umumxalq bayrami sifatida keng nishonlaydi. Ko‘chalarda bayramona namoyishlar, konsert va boshqa har xil tomoshalar uyushtiriladi, samoda yuzlab samolyot parvoz qiladi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro ishonch tamoyiliga amal qilgan holda, o‘zaro munosabatni turli sohalarda rivojlantirib kelmoqda.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabrda Turkiyaga hamda Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning 2018 yil aprelda O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlab, samarali hamkorlikka keng yo‘l ochdi. Ta’kidlash joiz, ushbu uchrashuvlar mavjud munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. 2018 yil davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro hamokrlikni strategik darajaga olib chiqish bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilinib, O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashi tuzildi. 2020 yil 19 fevral kuni Anqara shahrida mazkur kengashning oliy darajadagi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar hamrasligida faoliyat olib borayotgan tuzilma tili, dini va qadriyatlari umumiylik kasb etgan ikki qardosh yurt munosabatlarini sifat jihatidan butunlay yangi bosqichga olib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Binobarin, ushbu hujjat siyosat, xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, madaniyat, ta’lim, fan va texnika, innovatsiya, sog‘liqni saqlash kabi o‘zaro manfaatli ko‘plab sohalarda sheriklikni rivojlantirish strategiyasini belgilab berdi.
– Bu uchrashuv strategik sherikligimiz yuksak bosqichga ko‘tarilganining yaqqol ifodasidir, – degan edi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Kengash majlisida.
O‘shanda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an davlatimiz rahbarini Anqaraga tashrifi bilan qutlab, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnunligini bildirgan, qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagandi.
Oradan ikki yil o‘tib – 2022 yil 30 martda Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston yetakchisi jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda yana bir bor turk qardoshlarimiz bizdan minglab kilometr olisda yashayotgan bo‘lsalar-da, tillarimiz va dillarimiz nihoyatda yaqin ekanini ta’kidlab, tarixiy ildizlarimiz birligi, bugungi orzu-intilishlarimiz mushtarakligini alohida qayd etdi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 2,5 barobar, qo‘shma shirkatlar soni 5 karra ortdi, Turkiyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiya miqdori 70 marta ko‘paydi.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalarga oid masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari mamlakatlarimiz rahbarlari turli formotlarda muntazam uchrashib kelmoqda. O‘zaro muloqotlarda mavjud rishtalarni yanada mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhkama qilib kelmoqda. Shubha yo‘qki, bunday muloqotlar natijasida qabul qilinayotgan qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladi.
Saidmurod Rahimov, O‘zA sharhlovchisi