Italiyaning “Agenzia Nova” nashri Rimdagi Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati – “Sioi” qarorgohida O‘zbekistonning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev tashabbusi bilan o‘tkazilgan “O‘zbekistonda saylovlar va siyosiy islohotlar” mavzusidagi tadbirni yoritdi.
Uchrashuv kun tartibidagi asosiy mavzu italiyalik taniqli ekspert, Markaziy Osiyo bo‘yicha geosiyosiy tahlilchi Fabio Indeoning mamlakatimiz saylov qonunchiligi va yurtimizda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar haqida tayyorlangan taqdimoti bo‘ldi.
– Ichki institutsional islohot mamlakatga tashqi siyosat strategiyasini amalga oshirishda yordam beradi va bu jarayon turli jabhalarda samara beradi, – deydi mutaxassis. – O‘zbekistonda 2016 yil Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelishi bilan mintaqaviy va xalqaro tashqi siyosatga yangicha yondashuv ilgari surildi. Aholisi mintaqada eng ko‘p, o‘ziga xos strategik joylashuvga ega mamlakat Markaziy Osiyoda “faol diplomatiya”ni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Prezident tashqi siyosatining to‘rt ustuni boshqa davlatlar ichki ishiga aralashmaslik, hududdagi harbiy tashkilotlarga qo‘shilmaslik, xalqaro tuzilmalarda faol ishtirok etish va Markaziy Osiyo – Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikistonga alohida e’tibor qaratishdan iborat. Mintaqa O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Davat yetakchisi qo‘shni va qardosh o‘lkalar rahbarlari o‘rtasida muloqot va ishonchni, savdo va aloqa loyihalarini rag‘batlantirishga harakat qilib, chegaralar va suv resurslarini boshqarish bilan bog‘liq raqobat, shuningdek umumiy ishonchsizlikni yengib chiqa oldi. Masalan, Mirziyoyev ilgari surgan Qozog‘iston bilan birga Ozarbayjonda toza energiyani ishlab chiqarish va tarqatish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani, Afg‘oniston bilan nafaqat xavfsizlik, balki turli sohalarni qamrab olgan mutlaqo yangicha munosabatlar fikrimizni yaqqol isbotlaydi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari va mintaqalari bilan istiqbolli +5 formati ham samarali platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Italiya bilan o‘zaro munosabatda muhim sanalgan xavfsizlik, madaniyat, energetika kabi yo‘nalishlardagi aloqalar bilan bog‘liq dolzarb mavzusni esa Italiya-O‘zbekiston Savdo palatasi (Ciuz) prezidenti Jorjio Veronezi davom ettirdi.
– Tijoriy hamkorlik muhandislik, bank-moliya, to‘qimachilik singari ko‘plab tarmoqlarda rivojlanmoqda, – dedi u. – Umuman, respublikaga sarmoya kiritish uchun sabab ko‘p: yalpi ichki mahsulot o‘sib borayotgani, siyosiy barqarorlik va kelajakni aniq tasavvur etish, tabiiy resurslar mavjudligi, a’lo darajadagi qishloq xo‘jaligi va juda yosh aholi. Qo‘shma korxonalar ochish uchun ulkan salohiyat mavjud. Ya’ni, Italiya texnika va ko‘nikmani O‘zbekistondagi mavjud resurslar va ishchi kuchi bilan birlashtirishi juda foydali bo‘ladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA