O‘zbekistonda nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining 1,7 foizga qimmatlashishi umumiy iste’mol narxlari indeksining 0,6 foiz darajada oshishiga olib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasining Narxlar statistikasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, 2018-yilning 1-iyulidan boshlab, “O‘zbekiston temir yollari” AJ “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasining ko‘mir omborxonalari orqali byudjet tashkilotlar hamda aholiga chakana narxlarda sotiluvchi ko‘mirning yangi narxlari amaliyotga joriy qilindi. Oy davomida narxlar o‘rtacha 1,7 barobardan ziyodroq darajada qimmatlashdi (74,3 foiz).
Shuningdek, avtomobillarga gaz to‘ldirish shahobchalari orqali sotiluvchi yoqilg‘i, ya’ni, propan mahsuloti oy davomida o‘rtacha 19,3 foizga ko‘tarilgan. Narxlar qimmatlashishining asosiy sabablaridan biri, mazkur mahsulotga nisbatan shakllanayotgan birja narxlari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari bozorida yuzaga kelayotgan holatlar propan narxining sezilarli darajada qimmatlashishiga o‘z ta’sirini o‘tkazgani aytilmoqda.
Hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, propan narxi yuqori sur’atda Qashqadaryo viloyatida (o‘rtacha 1,4 barobarga), past darajada esa Sirdaryo viloyatida (8,1 foiz) qimmatlashgan.
Joriy yilning III choragi davomida inflyatsiya darajasini jilovlash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, respublikada ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish va korxonalarni modernizatsiya qilish hisobiga ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlar tannarxini pasaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida g‘isht mahsulotlarining chakana narxi o‘rtacha 5,0 foizga arzonlashdi. Sement narxlari esa aksincha, iyul oyida ham avvalgi oylardagi kabi o‘sishda davom etmoqda (oy davomida o‘rtacha 2,2 foiz).
Mamlakatning ba’zi hududlari bo‘yicha kuzatuvdagi nooziq-ovqat mahsulotlarning ayrimlarida, ya’ni, shaxsiy gigiyena tovarlari (shampun, tish pastasi va boshqalar) hamda televizor narxlarining arzonlashganligi kuzatilgan.
Joriy yilning iyun oyidan boshlab, statistika organlari tomonidan asosiy turdagi qurilish materiallari narxlarini monitoring qilish maqsadida, tanlanma savdo nuqtalarida alohida turdagi (turi, navi) qurilish materiallari narxlari to‘g‘risida ma’lumotlar shakllantirilmoqda.
2018-yil 27-iyul holatidagi kuzatuv natijalari quyidagi jadval ko‘rinishida havola etilgan:
2018-yilning 27-iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha
asosiy turdagi qurilish materiallari o‘rtacha narxi to‘g‘risida ma’lumot
(so‘mda)
*) o‘rtacha narxlar turli xil omillar, jumladan, mahsulot turlari va boshqa tarkibiy o‘zgarishlar natijasida shakllantiriladi
O‘zA