O‘zbekiston – Yaponiya biznes-forumi

Toshkent shahrida 31-iyul kuni O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan “Yaponiya – O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li” fondining tashqi savdo, investitsiyalar va infratuzilma bo‘yicha ishchi guruhi raisi Mamoru Sekiyama boshchiligidagi Yaponiya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi. Unda ikki mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, neft-gaz, energetika, sayyohlik, avtomobilsozlik, qurilish, geologiya, kimyo, yengil sanoat, tekstil, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, “Yaponiya – O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li” fondining tashqi savdo, investitsiyalar va infratuzilma bo‘yicha ishchi guruhi raisi, “Marubeni” korporatsiyasi maslahatchisi Mamoru Sekiyama va boshqalar O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
2.jpg
Mamlakatlarimiz o‘rtasida 2002-yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot o‘zaro munosabatlarning har tomonlama rivojlanishida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
O‘zbekistonning tobora rivojlanayotgan iqtisodiyoti, biznes yuritish uchun yaratilgan keng imkoniyat va preferensiyalar, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik chet ellik ishbilarmonlar, jumladan, yaponiyalik tadbirkorlarning mamlakatimiz bilan faol hamkorlik qilishga qiziqishini oshirmoqda. Biznes-forumda Yaponiyadan 50dan ziyod kompaniya va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ishtirok etayotgani, ular orasida “Marubeni Corporation”, “Shimizu Corporation”, “Japan Tobacco”, “Kawasaki Heavy Industriyes”, “Sakai Heavy Industriyes” kabi yirik kompaniyalarning istiqbolli hamkorlik bo‘yicha mas’ul vakillari borligi fikrimiz tasdig‘idir.
Yaponiya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sheriklaridan. Bugungi kunda mamlakatimizda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida o‘nta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular asosan neft, gaz, kimyo sanoati, energetika, mashinasozlik va muhandislik uskunalari ishlab chiqarish, transport va logistika xizmatlari ko‘rsatish, savdo operatsiyalari, sayyohlik kabi sohalarga ixtisoslashgan. Yurtimizda kunchiqar mamlakatning o‘n besh yetakchi kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan.
Tadbirda yaponiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, neft-gaz, kimyo sanoati, elektr texnikasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kabi sohalardagi hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Tomonlar mamlakatimizga sarmoya kiritishning istiqbolli yo‘nalishlari, biznes yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, soliq va bojxona imtiyozlari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.
– O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar, sarmoyadorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani investitsiyalar oqimini oshirishda muhim ahamiyatga ega, – dedi Yaponiya parlamenti quyi palatasi deputati Keysuke Suzuki. – Mazkur forum o‘zaro hamkorligimizning yangi qirralarini kashf etish, foydali kelishuvlarga erishish va aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.
17.jpg
Anjumanda ikki mamlakat o‘rtasida yoqilg‘i-energetika majmualari sohasidagi sarmoyaviy hamkorlik, ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohalarida manfaatli loyihalarni amalga oshirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yaponiyalik ekspertlar ishtirokida gaz ishlab chiqarishda samarali texnologiyalarni qo‘llash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda zamonaviy yondashuvlar, xalqaro turizm kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Bu borada Yaponiya tajribasini o‘rganish masalalari haqida so‘z yuritildi.
Sanoat kooperatsiyasi sohasida istiqbolli yo‘nalishlarni birgalikda amalga oshirish masalalari yuzasidan tashkil etilgan muzokaralarda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, ko‘plab yetakchi biznes vakillari qatnashdi. Unda ishbilarmonlarning tashriflarini tashkil qilish, hamkorlikning barcha sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA