Peru sobiq prezidenti Alexandro Toledo Braziliyaning “Odebrecht” qurilish kompaniyasidan pora olganlikda ayblanib, 20 yilu olti oyga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar bermoqda.
Stenford universitetida doktorlik darajasini olgan 78 yoshli sobiq davlat rahbari Toledo 2001-2006 yillarda Peru davlatini boshqargan.
Sudya Ines Roxas tomonidan o‘qilgan hukm matnida aytilishicha, Toledo avvalroq “Odebrecht” nomi bilan mashhur bo‘lgan kompaniyadan Peru janubiy qirg‘oqlarini Braziliyaning Amazoniya hududi bilan bog‘laydigan yo‘l qurish bo‘yicha shartnomani yutib olish evaziga 35 million dollar pora olgan.
Roxasning tushuntirishicha, Toledo “davlat moliyasini boshqarish va resurslardan to‘g‘ri foydalanishni nazorat qilish uchun mas’ul” edi. Buning o‘rniga, u “davlatni aldagan” dedi.
Hozirda “Novonor” nomi bilan tanilgan “Odebrecht” 2016 yilda jamoat ishlari bo‘yicha shartnomalarni ta’minlash uchun o‘nlab mamlakatlardagi amaldorlarga pora berganini tan olganidan so‘ng, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Sud jarayonida Toledo pul yuvish va til biriktirish ayblovlarini rad etdi. Hukm Toledo o‘tgan yildan beri ushlab turilgan Lima qamoqxonasida e’lon qilindi. Mamlakatning yana bir sobiq prezidenti Pedro Kastillo ham 2022 yilda Kongressni tarqatib yuborishga uringanidan so‘ng “isyon” da’volari bilan o‘sha yerda saqlanmoqda.
2023 yilning 24 aprelida AQSH korrupsiyada ayblangan Alexandro Toledoni ekstraditsiya qilishga qaror qilgan edi.
O‘.Alimov, O‘zA