Maktab-internat o‘quvchilari Sankt-Peterburg shahrida bo‘ldi

Joriy yilning 13-24-iyul kunlari Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilaridan bir guruhi Rossiya davlatining Sankt-Peterburg shahrida bo‘ldi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi buyrug‘i asosida tashkil etilgan mazkur xizmat safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarni dunyo tasviriy san’ati, madaniyati va arxitekturasi bilan yaqindan tanishtirish orqali ularning ma’naviy olamini yuksaltirish va o‘qib-izlanishga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirishga qaratilgan.
Safarda o‘quvchilar dunyo madaniyati va san’ati markazlaridan biri bo‘lgan Sankt-Peterburg shahrining boy tarixi, qurilishi, arxitektura va muzey yodgorliklari bilan yaqindan tanishib, bir olam taassurotga ega bo‘ldi. Ayniqsa, ularda Ermitaj, Rus muzeyi, Pyotr, Pavel, Menshikov kabi saroylarida joylashgan dunyo tasviriy san’ati asarlari, Petropavlovsk qo‘rg‘oni, Zoologiya muzeyi katta qiziqish o‘yg‘otdi. Bundan tashqari, Sankt-Peterburg rassomlar uyushmasi ko‘rgazmalar zallari, Badiiy akademiya muzeyi, Ermitaj bosh shtabi, Oraniyenbaum qasri va qo‘riqxonasi yodgorliklari bilan tanishuv ham o‘quvchilar xotirasida o‘ziga xos tarzda muhrlandi.
– Sankt-Peterburg shahriga qilgan safarimiz o‘quvchilar uchun jahon va milliy tasviriy san’atni taqqoslab o‘rganishda katta imkoniyatdir, – dedi maktab-internat direktori S.Sodiqov. – Ular bunday tanishuv chog‘ida nafaqat Rossiya davlatining tarixiy va arxitektura shaharlarini o‘rgandi, balki Krestovsk va Yelagin orollarida maroqli dam oldi, shahar kanallari va Neva daryosi kema sayyohatida bo‘ldi. Bunda bizga Sankt-Peterburg rassomlar uyushmasi boshqaruvi raisi A.Bazanov, Rossiya Badiiy akademiyasi ilmiy-tekshirish muzeyi direktori A.Mudrov va rassom Murodilla Doniyorov yaqindan yordam berdi. Ishonamanki, bu xizmat safari o‘quvchilarimiz uchun unutilmas xotiralarga aylanadi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA