Joriy yilgi sport mavsumida futbol bo‘yicha Osiyo va Yevropa chempionlar ligasi yangicha formatda tashkil etilayotgani eski formatga o‘rganib qolgan muxlislar uchun biroz yoqmagani tabiiy. Ammo, ushbu musobaqalarning 3-turiga kelib, mazkur liga bahslariga qiziqish yanada oshgani quvonarli hol, albatta.

Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqasida uchinchi turdan o‘rin olgan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur mintaqada mamlakatimizning amaldagi chempioni Toshkentning “Paxtakor” klubi safarda Iroqning “Al Shorta” jamoasi bilan durang o‘ynadi va har ikkala klubning jami ochkolari soni 2 taga yetdi. Buning natijasida poytaxtimiz klubi kuchli sakkiztalikni yakunlab berdi. Garchi “Paxtakor” bilan bir xil ochko to‘plagan bo‘lsa-da, “Al Shorta” gollar nisbatiga ko‘ra, 9-o‘rindan joy oldi.

Shuningdek, 3-tur doirasida o‘tkazilgan “Al Sadd” – “Persepolis” uchrashuvi 1:0 hisobida yakunlangan bo‘lsa, “Al Ayn” – “Al Hilol” bahsida 4:5 hisobi qayd etildi. Shuningdek “Al Rayan” o‘z maydonida “Al Ahli”ga 1:2 hisobida taslim bo‘ldi. “Al Garafa” o‘z maydonida “Al Vasl” jamoasiga 1:2, “Istiqlol” esa  “Al Nasr”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Shu tariqa, Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqasida 3-turdan so‘ng jadvaldagi vaziyat quyidagicha ko‘rinish oldi.

O‘tgan uch o‘yinda g‘alaba qozongan “Al Hilol” va “Al Ahli” jamoalari 9 ochko jamg‘arib, karvonboshiga aylangan bo‘lsa, “Al Sadd” hamda “Al Nasr” 7 ochko bilan 3-4 pog‘onadan joy oldi. “Al Vasl” 6 ochko bilan kuchli beshlikni yakunlab berdi. “Istiqlol”, “Al Garafa” klublari bu turda mag‘lub bo‘ldi va 3 ochko bilan keyingi o‘rinlarda qoldi. “Paxtakor” va “Al Shorta” 2 ochko to‘plab, 8-9 o‘ringa joylashdi. “Persepolis”, “Al Ayn” 1 ochko, “Al Rayan” ochkosiz autsayderlar qatorida bormoqda.

Endi 4-5 noyabr kunlari musobaqaning 4-turida “Al Ahli”–  “Al Shorta”, “Al Vasl”–  “Al Sadd” “Persepolis” –“Al Garafa”,  “Al Hilol” – “Istiqlol”, “Paxtakor” –“Al Rayan”, “Al-Nasr” – “Al Ayn” bahslariga guvoh bo‘lamiz.

Darvoqe, Eron va O‘zbekiston futboliga oid yana bir ma’lumot. Eronning “Persepolis” klubi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustidan FIFAga shikoyat qildi. Shikoyatda qayd qilinishicha, futbolchi jarohat olgani uchun Eron klubi uni O‘zbekiston yig‘iniga borishiga ruxsat bermagan. Biroq Oston terma jamoa o‘yinlarida qatnashish uchun Toshkentga kelgan va jarohatini og‘irlashtirib olgan. «Persepolis» muhim o‘yinlarda undan foydalana olmayapti.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning oktyabr oyidagi yig‘ini boshlanishidan biroz avval Oston O‘runov “Persepolis” safida o‘yinoldi mashg‘ulotlarda jarohat olgan edi. Eron jurnalistlari uning 3-4 haftaga safdan chiqqanini ma’lum qilgan. Keyinchalik futbolchi Eron va BAAga qarshi uchrashuvlarda qatnashish uchun Toshkentga keldi. 10 oktyabr kuni Eronga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda Oston O‘runov 71-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi. 15 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston — BAA uchrashuvida jarohat sabab qatnashmasligi ma’lum qilindi.

Endi Yevropa chempionlar ligasi uchinchi turi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarga e’tiboringizni qaratamiz.

Uchinchi tur doirasida “Milan” o‘z maydonida ajoyib o‘yin namoyish etib, “Bryugge” klubi ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Monako”  5:1 hisobida “Srvena Zvezda”ni mag‘lubiyatga uchratdi.

“Santiyago Bernabeu” stadionida fantastik o‘yin ko‘rsatayotgan Madridning “Real” jamoasi bu turda Dortmundning “Borussiya” klubini qabul qildi. Mazkur uchrashuvda dastlab, mehmonlar vakili Malen 30-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa,  Jeymi Bayno-Gittens oradan 4 daqiqa o‘tib hisobni 0:2 ko‘rinishiga olib keldi. “Real Madrid” jamoasi ikkinchi bo‘limda o‘zgacha o‘yin ko‘rsatdi. Raqib darvozasi tomon ketma-ket hujumlar yomg‘irini yog‘dirdi. Buning samarasida Antonio Ryudiger 60-daqiqada, Vinisius Junior esa 62-daqiqada gol urib, hisobni tenglashtirdi. O‘yin tizginini qo‘ldan chiqargan “Borussiya” 83-daqiqada Lukas Vaskes tomonidan urilgan uchinchi goldan so‘ng o‘ziga kela olmadi. Bu vaziyatdan unumli foydalangan Vinisius Junior 86- va 90-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, o‘yinga nuqta qo‘ydi.

Shuningdek, bu turda “PSJ” – “PSV”, 1:1, “Yuventus” – “Shtutgart” 0:1, “Arsenal” – “Shaxtyor” 1:0, “Shturm” – “Sporting” 0:2, “Jirona” – “Slovan Br” 2:0, “Aston Villa” – “Bolonya” 2:0 natijalari qayd etildi.

Bugun, 23 oktyabr kuni Yevropa chempionlar ligasining 3-turi doirasida quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

“Brest” – “Bayer”;

“Atalanta” – “Seltik”;

“Manchester Siti” – “Sparta Praga”;

“Yang Boyz” – “Inter”;

“Barselona” – “Bavariya”;

“RB Leypsig” – “Liverpul”;

“Atletiko Madrid” – “Lill”;

“Benfika” – “Feyenoord”;

“Zalsburg” – “Dinamo Zagreb.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA