Maqsad yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash

O‘zbekiston Respublikasi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan o‘quv-kursi tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Oltiariq tumanida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan o‘quv-kursi tashkil etildi.
Markaz axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, unda Farg‘ona viloyati, Quvasoy, Marg‘ilon shaharlari, Farg‘ona, Oltiariq, Toshloq, Qo‘shtepa, Quva tumanlaridan jami 50 nafar xotin-qiz bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar jalb etildi.
O‘quv-kurslarining asosiy maqsadi Farg‘ona viloyatida oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog‘lomlashtirish bo‘yicha Farg‘ona viloyati tuman va shaharlari xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislarining kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarini kuchaytirishdir.
O‘quv-kurslaridan kutilayotgan natijalar quyidagicha:
• yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o‘rgatish, ajrashishlarning oldini olish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash;
• oila institutini mustahkamlash, oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishi, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish;
• er-xotin, ota-ona va farzandlar, er-xotin va ularning ota-onalari o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda “Oila, jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini keng targ‘ib etish va jamiyatga singdirish;
• zamonaviy namunali oilaning mezonlarini belgilashda ishtirok etish, zamonaviy oilani rivojlantirish muammolari, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni o‘rganish;
• oila-nikoh munosabatlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro tajribani o‘rganish;
• oila institutini rivojlantirish va uning zamonaviy shaklini joriy etish kabilardan iborat.

 

O‘zA