Niderlandiyaning sobiq Bosh vaziri Mark Ryutte rasman NATO Bosh kotibi sifatida ish boshladi. Rossiya Prezidenti tanqidchisi, Ukrainaning ashaddiy tarafdori sifatida nom chiqargan siyosatchi bilan bog‘liq birgina voqeani aytsak, kimligini darrov eslaysiz. Xotirangizda bo‘lsa, 2018 yil Niderlandiya hukumati boshlig‘i parlament binosi polini artayotgan video lavha tarqalgandi.
Mark ertalab binoga kirayotib, qo‘lidagi kofe solingan idishni tushirib yuboradi. O‘shanda u– yuqori martabali shaxs, go‘yoki, hech nima bo‘lmagandek yo‘lida davom etishi ham mumkin edi. Shunda ko‘pchilik vaziyatni har qanday kishi bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan hodisa, deya qabul qilib, ehtimol, tezda unutib ham yuborishardi. Bil’aks, Ryutte qilgan ishidan xijolatda, latta bilan to‘kilgan kofeni o‘zi artib oldi.
Bu voqeani eslab, biz Ryuttening qanday insonligi haqida xulosa chiqarish yoki uni boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish fikridan yiroqmiz. Shunchaki, 1 oktyabrdan NATO bosh kursisini egallagan inson kimligini eslatdik, xolos.
Xullas, 2023 yil iyul oyida Niderlandiya Bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqqan Mark Ryuttening hukumatdagi tarafdorlari migratsiya muammosini hal qilish bo‘yicha bir qarorga kelolmagani tufayli tarqalib ketgandi. Shundan keyin rahbarning o‘zi ham siyosatdan ketishini e’lon qildi. Qolaversa, ko‘pchilik u boshchilik qilayotgan partiya kuchsizlanib qolganini ta’kidlay boshladi. Ustiga-ustak parlament saylovida Gerta Vildersning o‘ng qanot partiyasi ustunlikka erishdi. Ta’sir kuchini yo‘qotayotganini anglagan Bosh vazir 2 iyul kuni lavozimini tark etdi.
Ko‘pchilik shu tariqa taniqli shaxsning siyosiy faoliyati tugaganiga shubha qilmay qo‘ygandi. Binobarin, oktyabr oyiga kelib, Mark va’dasini unutib, Yens Stoltenbergning vorisi bo‘lishdan manfaatdorligini bildirdi. Zero, Shimoliy Atlantika alyansini o‘n yil boshqargan Norvegiya vakili 2024 yil sentyabrda lavozimini tark etishini e’lon qilgan edi.
Shundan keyin Ryutte yangi missiyaga jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Masalan, bir necha oy davomida NATO yetakchilarini o‘ziga jalb qilish uchun harakat qilgan, deyishadi. Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining ko‘pchiligini u hukumat tepasida faoliyat yuritgan 13 yildan ko‘proq vaqt davomida bilgan, turli xalqaro tuzilmalar doirasida ular bilan ishlashgan. Bundan tashqari janob Ryutteni AQSH Prezidenti Jo Bayden va Yevropaning aksariyat rahbarlari uchun qadrli va ishonchli odamlardan biri deyishadi.
Qabul qilgan qarorlari tufayli Ryutte o‘ziga xos nom qozonganini ko‘pchilik biladi. Masalan, Yevropa Ittifoqida “Janob Yo‘q” nomi bilan mashhurligi bot-bot tilga olinadi. Zero, u kerakli payt, garchi, mushkul bo‘lsa-da,“yo‘q” deya olgan. Ma’lumki, diplomatlar aynan shu so‘zni ishlatmaslikni ma’qul ko‘radilar. Axir, birgina kalom butun rejani barbod qilishi mumkin-da! Ryutte esa bu “irim”ga boshqacha qaraydi. Masalan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan ilgari surilgan ulkan islohot rejasi ko‘pchilik itifoqdoshlar tomonidan ma’qullangan, “Janob Yo‘q” esa qarshi chiqqan. Ya’ni,“Yo‘q, bo‘lmaydi!” deya olgan va oqibatda tashabbus rad etilgan.
Bunday yondashuv ko‘pchilik bilan munosabatda oraga sovuqlik tushirishi ehtimoli yuqori. “…lekin na chora? ” deydi Mark. Shunga qaramasdan, Ryutte Germaniya Kansleri Olaf Shols va Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan yaxshi munosabatda ekani ma’lum. Ular ba’zi masalalar bo‘yicha hamfikr, ko‘pincha birga ishlashga harakat qilishadi.
Dastlab Ryuttening Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan munosabati yaxshi emas edi. Gapiga qaraganda, u Orbanning ishonchini qozonishga harakat qilgan va buning uddasidan chiqqan. Masalan, Orbanning o‘z sharti bo‘lgan: Ryutte o‘z boshqaruvi davrida Vengriya hech qachon NATO hududidan tashqarida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida qatnashmasligiga va’da berishi kerak. Shuningdek, Rossiya bilan do‘stona munosabatni saqlab turgan Orban Ukrainaga qurol yetkazib berish imkoniyatini ham rad etgan. Bugungi kunda ularning munosabati yaxshiligi Ryutte Orbanning shartlariga ko‘nganini anglatadi.
Afsuski, bu hamfikrlik doimiy emas. Masalan, Yevropa Ittifoqi bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarda ular goho tortishib qolishadi. Hatto bir gal Mark Ryutte Viktor Orbanga, agar ittifoqchilar olib borayotgan siyosat yoqmasa, Vengriya alyansni tark etishi mumkinligini aytgan, deyishadi.
Xullas, yangi Bosh kotibni ana shunday, o‘ziga xos tabiatga ega siyosatchi sifatida bilishadi.
Endi e’tiboringizni yana bir jihatga qaratmoqchimiz. Ekspertlar Ryutte, mabodo Tramp AQSH Prezidentligiga saylanadigan bo‘lsa,unga qarshi tura bilishi kerak, deyishadi. Nima uchun? Masalan, Tramp avvalgi prezidentlik davrida NATOning ishidan qoniqmagan va doim tashkilotni tanqid qilib kelgan. Agar u qayta saylanib, yana Oq uyga kelsa, tanqidni davom ettirishi, hatto kuchaytirishi mumkin. Ryuttening tanqidga chidamliligi o‘shanda ish berishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Birga ishlagan siyosatchilar Markni siyosiy tanqidga o‘ta chidamli, deb bilishadi. Garchi, Ryutte avvaliga Tramp bilan ko‘p masalada tortishib, kelisha olmasa-da, keyinchalik ularning o‘zaro munosabati yaxshi tomonga o‘zgargan. Hatto, Tramp Ryutteni “do‘stim” deb atagan. Ryutte bir vaqtlar an’anaviy usulda savdo yurituvchi mamlakat rahbari sifatida Trampning proteksionistik iqtisodiy siyosatiga keskin qarshi chiqqan.
Mark Ryutte Niderlandiya Bosh vaziri bo‘lib ishlaganda uning tarjimai holini yozgan jurnalist davlat rahbarining gapidan iqtibos keltirib,“Haqiqiy yetakchilik turli fikrlarni tinglash va tushunish qobiliyatini talab qiladi”, deganini eslatadi. Bu, shubhasiz, NATO Bosh kotibi uchun ham zarur shior, desa bo‘ladi. Ko‘pchilik niderlandiyaliklar, garchi, o‘sha payt hukumatda ba’zi o‘zgarishlar yuz bergan bo‘lsa-da, moliyaviy inqiroz va COVID-19 pandemiyasi davrida Bosh vazir sifatida muvozanatni saqlaganini e’tirof etishadi.
Ryutte Ukrainani qurollantirish tarafdori ekani aniq. Trampdan farqli o‘laroq, u Ukrainani astoydil qo‘llab-quvvatlaydi. Bir muddat Kiyevga beriladigan keng ko‘lamli qurol-aslaha, jumladan harbiy texnika savdosini nazorat qilgan.
Shu bilan birga Niderlandiya armiyasi Ryutte rahbar bo‘lgan yillari iqtisodiy qiyinchilikni ham boshdan kechirgan.
Ryutte ko‘p yildan beri RF Prezidenti Vladimir Putinni tanqid qilib keladi. 2014 yil Ukraina sharqida havo kemasi urib tushirilishini Rossiya amalga oshirgan, deb biladi. Xalqaro tergovchilar xulosasiga ko‘ra, Amsterdamdan Kuala-Lumpurga yo‘l olgan o‘sha Malayziya samolyoti Rossiyada ishlab chiqarilgan raketa bilan urib tushirilishi oqibatida 300 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Marhumlarning aksariyati Gollandiya fuqarolari edi.
Bosh vazir payti Gaagada istiqomat qilgan Mark Ryutte NATO Bosh kotibi sifatida ish boshlagach, Bryusselda yashashiga to‘g‘ri keladi. Maslakdoshlari bu shaharga moslashish qiyin kechadi, deyishmoqda. U ko‘pincha ishga velosipedda qatnagan. Endi alyans qarorgohiga borish uchun xizmat mashinasidan foydalanishiga to‘g‘ri keladi.
Darvoqe, maishiy yumushlar bir gap bo‘lar. Eng muhimi, asosiy ish risoladagidek ketishi, chunki NATO faoliyati dunyo hamjamiyati tinchligi va istiqboli bilan chambarchas bog‘lanib ketgan.
Kenja Bekjonov, O‘zA sharhlovchisi